Bag`dodda moliyaviy firibgarlik operasiyalari orqali un xarid qilib, aholiga qimmat sotayotgan korxonaga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Farg`ona viloyati, Bag`dod tumani bo`limi tomonidan hududda unni aholiga kafolatli tarzda va arzon narxda etkazib berishda ta`sir ko`rsatayotgan shaxslar to`g`risida olingan ma`lumotlar tezkor guruh tuzilgan holda zudlik bilan o`rganilgan. Bu haqda MIB "Darakchi"ga ma`lum qildi.
Aytilishicha o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «I» oilaviy korxonasi va «I-L» ko`p tarmoqli firmasi rahbari I.M. tovar xomashyo birjasi orqali un sotib olishida shubha uyg`ongan. Un narxlarini oshirib, boshqa xaridorlarni savdoga chiqarish maqsadida korxona ishchi va xizmatchilari hamda o`zining qarindoshlari nomiga 10 ta oilaviy korxona, 5 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub`ektlarini tashkil qilgan.
Tashkil etilgan nominal korxonalar va yakka tartibdagi tadbirkorlik sub`ektlarini I.M. o`zi amalda yuritib, ushbu korxonalar rahbarlarining xabardorligisiz tovar-xom ashyo birjasi orqali don mahsulotlari korxonalaridan un sotib olish uchun brokerlik xizmati ko`rsatish to`g`risidagi shartnomalarda imzolarni soxtalashtirib taqdim etgan.
So`ngra I.M. brokerlar orqali sotib olingan unlarni olib chiqish uchun ishonchnoma hamda boshqa hujjatlardagi imzolarni soxtalashtirib, 2019 yilning oktyabr oyidan 2020 yilning 15 apreliga qadar jami 18,3 mlrd so`mlik 7 800 tonna unni olib, narxlarni sun`iy ravishda oshirgan holda aholiga sotayotganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan I.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda. Jinoyat ishi viloyat prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olingan.
Barcha tadbirkorlarni xalqimizni sinayotgan ushbu davrda hamjihat bo`lib narxlarni oshirmasliklarini, halollik va qonunga itoatkorlik bilan faoliyatlarini amalga oshirishga chaqirib qolamiz, deyiladi MIB xabarida.






