1

"Urush farzandi"ning qayg`uli sevgi qissasi

Mutolaa 01.05.2020, 10:52
"Urush farzandi"ning qayg`uli sevgi qissasi

O`zbekiston xalq yozuvchisi O`lmas Umarbekov asarlarini, ehtimol, hamma ham o`qimagandir. Ammo «Qiyomat qarz»ni ko`rmagan inson topilmasa kerak.

      Bugun adibning «Urush farzandi» qissasini tavsiya qilmoqchiman. Bu asar bir qarashda oddiy sevgi qissasiga o`xshaydi. Maftunkor Bolgariya, ulug`vor dengiz, oltin qumlar, bolgar qiziga oshiq bo`lgan o`zbek yigiti...

      Ikkinchi jahon urushining tamom bo`lganiga ham 75 yil bo`ldi. 75 yil... Bu bir inson umri. Urush fojialari haqida so`z ketganida millionlab insonlarning halok bo`lgani, fashistlar tomonidan vayron qilingan shahar-qishloqlar, o`t ostida qolgan dalalar va mislsiz jasorat ko`rsatgan qahramon jangchilar tilga olinadi, raqamlarda baholanadi. Bular haqida manbalarni istagancha topishingiz mumkin.

      O`quvchilik yillarimizda tarix kitoblarining kattagina qismi Ikkinchi jahon urushiga bag`ishlangan edi. Sovet xalqining, sovet kishisining jasorati, mardligi hikoya qilinardi. Urush mardlik maydoni edi. Filmlarni aytmaysizmi?! Qo`ltiqtayoqdagi jangchini ko`rganmiz, boshi bint bilan o`ralgan yaradorlarni ko`rsatishardi, gullarga burkangan muzaffar jangchilar, baxtiyor qiz-juvonlar... Kalta yubkasi, boshiga istig`no bilan qiyshiq qo`ndirilgan pilotkali hamshira qizlar jang maydonidan yaradorlarni olib chiqishardi, biz ko`rib ulg`aygan filmlarda. 

      Urush haqiqatlari ancha keyin qalqib chiqa boshladi. Shunda ham hammasi emas. Ammo shular ham Ikkinchi jahon urushining bor fojialarini anglab etish uchun etarli edi. Vokzallarda, bozorlarda tilanchilik qilib kun ko`rayotgan qo`lsiz-oyoqsiz mayib-majruhlar haqida hech qanday film olinmagan, badiiy asarlar bitilmagan. Jamiyat tomonidan taqdir hukmiga itqitib tashlangan sobiq jangchilar sovet voqeligiga zid holat edi. 

      «Urushda yarim inson, yarim yirtqich bo`lishing kerak. Boshqa yo`l bilan tirik qolish imkoni yo`q. Faqat inson bo`lsang – tirik qolmaysan. Kallang ketadi... Varshavagacha bordim. Butun yo`lni piyoda bosdik... Er bag`irlab bordik... ortiq so`ramang... Urush haqidagi... qahramonlar to`g`risidagi kitoblarni yoqtirmayman... Kasal, yo`tal tutgan, uxlamagan, kir-chir, aftoda bir holda yo`l bosardik. Ko`pincha och-nahor... Ammo g`alaba qozondik».

      Bu parcha belarus adibasi Svetlana Aleksievichning «Urushning ayoldan yiroq qiyofasi» hujjatli asaridan olindi. Bu qaysi jinsga mansub insonning xotirasi deb o`ylaysiz? Albatta, erkak shunday xotirlashi mumkin. Men ham dastavval buni jangchi erkak xotirasi deb o`yladim. Ammo... Bu ayolning xotiralari, avtomatchilar vzvodining komandiri Lyubov Ivanovna Lyubchikning xotiralari. Aynan ana shunday haqiqatlari uchun bu asar uzoq yillar nashr etilmadi, nashriyotlar tomonidan rad etildi, sovet jangchi ayollari sha`niga nomunosib deyildi.

      Ammo sovet jamiyatida urushning bor azobini erkaklar bilan bab-baravar tortgan ayollar o`z vaqtida munosib ehtirom ko`rgan emas. Ularning katta qismiga suyuq­oyoqlardan ham past nazar bilan qaraldi. Taqdirlari urushning davomidek tinch hayotda barbod bo`ldi. Bular haqida hujjatli manbalar mavjud.

      Urush yillarida yana bir toifa ayollar bor edi. Bular nemislar tomonidan bosib olingan hududlarda himoyasiz qolgan ayollar edi. Himoyasiz ayollar... Dushman qo`l ostida haqsiz-huquqsiz, himoyasiz ayollar... Ayrimlari dushmandan farzandli bo`ldilar. Va bu bolalarning taqdiri... Ular butun umr tavqi-la`nat ostida qoldilar, onalari bilan.

      Ha, 1945 yilda tamom bo`lgan urush shu tariqa insonlar hayotida davom etdi. Bugun bu narsalarga ishonish qiyin. Ammo juda ko`p insonlar ana shunday alamli taqdir bilan yashab o`tdilar.

      Nima uchun mavzudan chiqib ketganimga hayron bo`lyapsizmi? Yo`q, mavzudan chetga chiqdim, deb o`ylamayman. Agar sevimli adibimiz O`lmas Umarbekovning «Urush farzandi» qissasini o`qish istagi tug`ilsa, uning mazmun-mohiyatini chuqurroq anglashingizni istadim, xolos. 

      Qissa qahramoni Azizning kasbi agronom. Otasi urushda halok bo`lgan, singlisi va onasi bor. U kasbi taqozosiga ko`ra birmuncha vaqt Bolgariyada ishlaydi. Shu erda sohibjamol Anna-Mariyani uchratib qoladi.

      Qissadan o`qiymiz: «Men xuddi kapalakka o`xshayman. Umri qisqa, kichkina kapalak... U guldan bu gulga qo`naman. Ammo bittasida ham qo`nim topolmayman. Tikan kirgandek, sakrab boshqasiga o`taman... Anna-Mariya g`amgin jilmaydi».

      Yosh, pariruxsor, ko`rgan borki go`zalligiga maftun bo`lib qoladigan qiz nega g`amgin tortadi?

      O`qiymiz: «Siz xuddi oyimga o`xshab gapirasiz. U ham doim shunday deydi. Keyin yig`lab qo`shib qo`yadi: «Sen mening baxtimsan, sen xursand bo`lsang, men xursand bo`laman, tinch bo`laman». Uning baxtli emasligini allaqachon bilganman, men uning tashvishiman, meni bilganlarning hammasiga tashvishman... Mana kecha ham tashvish orttirdim».

      E`tibor bering-a:«Men uning tashvishiman, meni bilganlarning hammasiga tashvishman...»

      Aynan shu so`zlarda Anna-Mariya­ni etti-sakkiz yoshlaridan beri ta`qib qilib kelayotgan dardni, urush allaqachon tugagan esa-da, uning aybsiz aybdori bo`lgan ikki insonning malomatlar ichra halovatsiz, huzursiz kechgan hayoti aks etgan. Eng achinarlisi, bu birgina Anna-Mariya va onasining taqdiri emas edi.

     Etti-sakkiz yoshli qizaloq hayotida nima yuz bergan edi? Onasidan, o`rtoqlaridan, o`zidan uyaltirgan bu qanday kuch edi?

      Ayni shu yoshida qizaloq ilk marta shafqatsizlarcha ta`naga nishon bo`ldi: «Ha, fashistning urug`i! O`zingni ko`rsatyapsanmi... Oying yaxshi ertak to`qibdi. Borib so`ra, yubkasining tagida yashagan nemis kim ekan!»

      Bu birgina bolqon ayolining fojiali hayoti bo`lmagan. Bunday taqdirlar bepoyon sovet davlatida ham bisyor edi.

      Sovet davlati internasional do`stlikni targ`ib qilar edi. Turli millatlar o`rtasida tuzilgan nikohlarni olamshumul voqea kabi bong urardi. Ammo Anna-Mariya kabi urush farzandlarini tan olmasdi. Ezgulikdan jar soldi-yu, urush farzandlarini shafqatsiz ta`na-malomatlar iskanjasida yashashiga yo`l qo`ydi.

      Sevimli adibimiz bundan juda yaxshi xabardor bo`lgan. Ehtimol, shuning uchundir asar qahramoni etib bolqon qizini tanlagan. Va o`zigagina xos nazokat bilan urushning ulkan fojialaridan birini sevgi qissasida mahorat bilan ko`rsatgan.

      Aziz o`quvchi, bu go`zal va qayg`uli sevgi qissasi nima bilan yakun topganini bilishni istaysizmi? Albatta, istaysiz. Unda adib O`lmas Umarbekov qissalari bilan javoningizdagi javohirlar sonini yana bittaga ko`paytiring. Mutolaa zavqi sizni tark etmasin.

Inobat IBROHIMOVA,

«Vatanparvar» gazetasi muxbiri

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1