Mehnat bozorida faoliyat ko`rsatayotgan nufuzli ZipRecruiter ishga yollash onlayn maydonchasi mutaxassisi Juliya Pollakning fikricha, Amerikada ish o`rinlarini yo`qotganlarning uchdan biri karantin bekor qilingandan keyin ham ishxonalariga qayta olmaydi, ular ish qidirishni hozirdanoq boshlashi kerak.
30 aprelda AQShda ishsizlik bo`yicha e`lon qilingan ma`lumotlar shuni ko`rsatdiki, mamlakatda ishsizlik nafaqasini olayotganlar soni 18 millionga etib, bu borada navbatdagi rekord o`rnatilgan.
“Bizning hisob-kitobimizcha, hozir karantin tufayli vaqtincha ishga borolmay uyda o`tirganlarning 30 foizini butunlay ishdan bo`shatilgan, deb hisoblash mumkin. Chunki koronavirus pandemiyasi tufayli bir qator bizneslar qayta ochilmaydi yoki ochilganda ham, xarajatlarini uzoq muddatga sezilarli ravishda qisqartiradi. Shunday ekan millionlab odamlar uchun yangi ish o`rinlari kerak bo`ladi. Mehnat bozoridagi alg`ov-dalg`ovliklar uzoq muddatga cho`zilishi mumkin“, — deydi u RIA Novostiga bergan intervyusida.
Pollakning ma`umotiga ko`ra, vakansiyaga qo`yilayotgan 30 ta kasb bo`yicha e`lonlar berilishi keskin tushib ketgan. Ushbu ro`yxatni limuzin yoki taksi haydovchilari boshqarib turibdi. Ularga bo`lgan talab 82 foizga tushib ketgan. Undan keyin xodim bilan ishlash bo`yicha maslahatchilar, ko`cha sotuvchilari, bank xizmatchilari bormoqda. Shuningdek, enaga va fizioterapevtlar, shef-oshpaz va ofisiantlar, har xil yordamchilar va kompaniyalarda ishni endi boshlayotganlarga ham talab pasaygan.
Ammo ba`zi sohalarda xodimlarga talab keskin oshgani ham kuzatilmoqda. Masalan, onlayn sotuvchilarga talab 555 foiz, omborxona xodimlariga 233 foiz, tirkamali yuk mashinasi haydovchilariga 182 foiz, etkazib berish xizmatiga 170 foiz oshgani qayd etildi.
“Umuman olganda, elektron savdoda faoliyat yuritayotgan ayrim kompaniyalar, onlayn ko`ngilochar kompaniyalar, masofaviy ishlar bo`yicha softni yaratuvchilar, oziq ovqat do`konlari, dorixonalar, uyda mashg`ulot o`tkazadigan kompaniyalar va etkazib berish xizmati ishchi yollashni kengaytirmoqda“, — deydi Pollak.
Bu ko`pchilik odamlar uyda ishlayotganini va mahsulotlarni uyga etkazishga buyurtma berayotganini ko`rsatmoqda. Masalan, Amazon kompaniyasi yana 175 ming yangi xodimni ishga olmoqchi, Facebook esa qo`shimcha ravishda yana 10 ming kishini ishga taklif etmoqda. Uning ta`kidlashicha, aksariyat kompaniyalar xodimlarining uyda ishlashiga imkon yaratib berishga moslashmoqda. Ko`plab kompaniyalar bu borada zarur bo`lgan mexanizmlarni allaqachon ishlab chiqishgan.
“Uyda turib ishlash taklifini berayotganlar soni fevral oyi o`rtalarida 800 foizga ortgan“, — deya ta`kidlaydi ekspert.
Pollakning tavsiyasiga ko`ra, ish o`rnini yo`qotganlar pandemiya qachon tugaydi deb kutib o`tirmasdan, hozirdanoq ish qidirishni boshlashi kerak, chunki takliflar oz va maqbul vakansiyani topish hozir qiyinlashgan.