Prezident qarori bilan Toshkent temir yo`l muhandislari instituti, Toshkent avtomobil yo`llarini loyihalash, qurish va ekspluatasiyasi instituti hamda Toshkent davlat texnika universitetining aviakosmik texnologiyalari fakulteti birlashtirilib, Toshkent davlat transport universiteti tashkil qilinmoqda. Bu haqda transport vazirligi xabar berdi.
Xabarga ko`ra, Respublika transport sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, tizimni ilg`or xorijiy tajriba va xalqaro standartlar asosida tubdan takomillashtirish, ta`lim jarayoniga o`qitishning innovasion uslublari va axborot texnologiyalarini keng joriy etish hamda sohaning ilmiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida mamlakat prezidentining «Transport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida» gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga muvofiq, Toshkent temir yo`l muhandislari instituti, Toshkent avtomobil yo`llarini loyihalash, qurish va ekspluatasiyasi instituti hamda Toshkent davlat texnika universitetining aviakosmik texnologiyalari fakulteti birlashtirilib, Toshkent davlat transport universiteti tashkil qilinmoqda.
Eslatib o`tamiz, 2020 yilning 27 fevral kuni Transport vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan «Transport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlar to`g`risida» prezident qaror loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalar muhokamasiga chiqarilgan edi. Unda, vazirlik Toshkent transport universitetini tashkil etish to`g`risidagi taklifini ilgari surgandi.