Prezidentning “Xalq ta`limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi to`g`risida”gi qarori loyihasi e`lon qilindi.
Quyidagilar xalq ta`limi muassasalarining rahbar, o`qituvchi, metodist, psixolog, defektolog va kutubxonachi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga asoslangan uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishning asosiy yo`nalishlari etib belgilanadi:
xalq ta`limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishning ehtiyojlarga asoslangan samarali milliy tizimini joriy etish va takomillashtirish;
xalq ta`limi xodimlarida ilg`or pedagogika va innovasion texnologiyalarni egallash hamda ularni maktablardagi o`quv jarayoniga samarali tatbiq etish ko`nikmalarini rivojlantirish;
xalq ta`limi xodimlarining o`z kasbiy mahorati va pedagogik faoliyati samaradorligini muntazam oshirib borishini qo`llab-quvvatlash;
qayta tayyorlash va malaka oshirish ta`lim muassasalaridagi o`quv jarayoniga chet ellik mutaxassislarni jalb qilish, xalq ta`limi xodimlarining rivojlangan mamlakatlar ta`lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida malaka oshirishi, doktorantura va stajirovka o`tashlarini tashkil etish;
xalq ta`limi muassasalari rahbarlari – ta`lim sohasi menejerlari va o`qituvchilar kasbiy kompetensiyalari saviyasini belgilashning milliy standartlari tizimini amaliyotga joriy etish;
qayta tayyorlash va malaka oshirishning zamonaviy texnologiyalarini qo`llagan holda xalq ta`limi muassasalari rahbar lavozimlariga yuqori malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish;
xalq ta`limi muassasalari rahbar va o`qituvchilarini tanlash, ishga qabul qilish hamda uzluksiz kasbiy o`stirishning sertifikatlashga asoslangan shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmini joriy etish;
qayta tayyorlash va malaka oshirish ta`lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, samaradorligini oshirish, ularga iqtidorli yosh pedagoglarni jalb qilish hamda tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish;
qayta tayyorlash va malaka oshirish ta`lim muassasalari professor-o`qituvchilarining turli innovasion, amaliy va fundamental tadqiqotlar loyihalari tanlovlarida qatnashishlarini yo`lga qo`yish;
sohaga investisiyalarni keng jalb qilish va shartnoma asosida xizmatlar ko`rsatish ko`lamini kengaytirish.
O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligining:
A.Avloniy nomidagi Xalq ta`limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti negizida Abdulla Avloniy nomidagi Xalq ta`limi vazirligi akademiyasini tashkil etish;
Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta`limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari negizida Pedagogik mahorat institutlarini tashkil etish;
xalq ta`limi xodimlari tomonidan o`quv-seminarlar, treninglar va konferensiyalarda faol ishtirok etish orqali muqobil shakllarni nazarda tutuvchi malaka oshirishning kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy etish;
xalq ta`limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo`yicha hududiy markazlar tuzilmasidagi metodik xizmat bo`limlarini hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta`limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta`limi boshqarmalari huzuridagi tumanlararo umumta`lim muassasalarini metodik ta`minlash markazlarini tugatgan holda Qoraqalpog`iston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta`limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta`limi boshqarmalarining mentorlik xizmati bo`limlarini, shuningdek, tuman (shahar) xalq ta`limi bo`limlarining mentorlik xizmati sho``balarini tashkil etish;
Xalq ta`limi vazirligi tasarrufidagi Respublika ta`lim markazi va Qoraqalpog`iston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi huzuridagi Respublika o`quv-metodika markazining “metodist”, Qoraqalpog`iston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta`limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta`limi boshqarmalari, shuningdek, tuman (shahar) xalq ta`limi bo`limlarining “umumta`lim fanlari bo`yicha metodist” lavozimlari o`rniga “mentor” (ustoz, murabbiy) lavozimini joriy etish takliflariga rozilik beriladi.
Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
xalq ta`limi xodimlarining kasbiy va boshqaruv kompetensiyalari, ilg`or pedagogik va axborot-kommunikasiya texnologiyalardan foydalanish, tadqiqotchilik va mustaqil fikrlash ko`nikmalarini rivojlantirish;
qayta tayyorlash va malaka oshirishning samarali shakllarini (masofadan, aralash, yakka tartibda o`qitish va boshqalar) joriy etishning ilmiy-metodik va tashkiliy-metodik asoslarini ishlab chiqish;
xalq ta`limi sohasini rivojlantirish, shu jumladan xalq ta`limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish bo`yicha nazariy va amaliy tadqiqotlarni olib borish;
xalq ta`limi xodimlarini qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonlariga istiqbolli ta`lim texnologiyalarini joriy etish;
elektron-raqamli ta`lim muhitini joriy etish orqali tinglovchilarga ehtiyojlarga asoslangan malaka oshirish imkoniyatini taqdim etish;
xalq ta`limi xodimlarining bazaviy oliy ta`limdan keyingi ta`limi uzviyligi va uzluksizligini ta`minlash, pedagogika sohasining turli yo`nalishlari bo`yicha oliy malakali mutaxassislarni (PhD va DSc) tayyorlash;
intiluvchan, ishchan va istiqbolli yosh xodimlarning menejerlik ko`nikmalarini rivojlantirish orqali xalq ta`limi muassasalari rahbar lavozimlariga yuqori malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda vakant lavozimlarga tavsiya etish.
Quyidagilar Pedagogik mahorat institutlarining asosiy vazifalari etib belgilanadi:
xalq ta`limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni o`qitishning ilg`or shakl va usullarini, masofadan o`qitishni va mustaqil ta`lim olishni qo`llab-quvvatlovchi texnika va raqamli texnologiyalarni keng joriy etgan holda tashkil etish;
xalq ta`limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo`yicha ta`lim dasturlarini takomillashtirish yuzasidan o`quv-metodik ishlarni olib borish;
o`quv-tarbiya jarayonining amaliyot bilan o`zaro samarali hamkorligini ta`minlash, tayanch maktablarda o`qituvchilarning uzluksiz malaka oshirish o`quvlarini tashkil etish;
xalq ta`limi xodimlarining o`quv-metodik ishlarni olib borish ko`nikmalarini rivojlantirish.
Mentorlik xizmati bo`limlari boshliqlari, sho``ba mudirlari va mentorlarning ish haqi miqdori 2021 yil 1 yanvardan boshlab oliy toifali o`qituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga nisbatan quyidagicha nisbatda:
respublika darajasidagi – 1,3 baravarga;
viloyat darajasidagi – 1,2 baravarga;
tuman (shahar) darajasidagi – 1,1 baravargacha oshirish belgilanadi.
2021 yil 1 yanvardan boshlab bosqichma-bosqich umumiy o`rta ta`lim muassasalari rahbarlari uchun davriyligi 3 yildan va o`qituvchilar uchun davriyligi 5 yildan iborat majburiy kasbiy sertifikatlash tartibi joriy etiladi.
Rahbar va o`qituvchi xodimlarni kasbiy sertifikatlash va ikkinchi malaka toifasini berish jarayonini navbatdagi malaka oshirishi bilan uyg`unlashtirilgan holda uning natijalariga ko`ra amalga oshirish mexanizmi yo`lga qo`yiladi.
Belgilab qo`yilishicha:
kasbiy sertifikatlash mazkur sohadagi ilg`or xorijiy tajribalar asosida Xalq ta`limi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
malaka oshirish yakuni natijalariga ko`ra rahbar va pedagog xodimlar uchun kasbiy sertifikatlash hamda tegishli malaka toifasi sinovi o`tkaziladi hamda mazkur sinov natijalariga muvofiq xodimga kasbiy sertifikat va tegishli malaka toifasi beriladi;
kasbiy sertifikatlashga malaka toifasiga ega bo`lmagan hamda ikkinchi malaka toifasiga ega o`qituvchilar jalb qilinadi;
pedagogika yo`nalishidagi oliy ta`lim muassasalari bitiruvchilari pedagogik faoliyatni boshlaganlaridan 1 yildan keyin kasbiy sertifikatlashga jalb qilinadi;
malaka toifasiga ega bo`lmagan oliy ma`lumotli o`qituvchi kasbiy sertifikat olganidan so`ng uning mehnatiga haq to`lash shartlari ikkinchi malaka toifasiga ega o`qituvchilarga tenglashtiriladi;
kasbiy sertifikatlash va malaka sinovlarida qatnashish uchun talabgorlardan bazaviy hisoblash miqdorining 75 foizi miqdorida yig`im undiriladi;
Bunda, yig`imning 25 foizi O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti daromadiga, 25 foizi Xalq ta`limi vazirligining Xalq ta`limi sohasidagi islohotlarga ko`maklashish jamg`armasiga, qolgan 50 foizi Xalq ta`limi vazirligi huzuridagi Assesment markaziga yo`naltiriladi.