Yurtimiz aholisi va hukumatimizni, ayniqsa, jabr ko`rganlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlayotganlar bugun ko`pchilikni tashkil etadi. Ular imkoniyatidan kelib chiqib, karantin sharoitida kam ta`minlangan oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari etkazib berish yoki kartochkalarga pul o`tkazish yo`li bilan ko`mak bermoqda. Sardoba voqealari esa hamyurtlarimizni yanada jipslashtirib, Sirdaryo viloyatiga insonparvarlik yordamini yuborayotgan saxovatpeshalar soni kundan-kunga ko`paymoqda.
Poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan “London College Of English” rahbari Guli xonim Shayx ham saxovat ishlariga qo`l urdi. Samarqand shahrida o`zi yashayotgan mahalla va qo`shni mahallalarga oziq-ovqat mahsulotlarini etkazib berdi. Qolaversa, mamlakatimiz bo`yicha 200 nafar qiynalgan fuqaroning kartochkalariga pul o`tkazdi. “Saxovat va ko`mak” jamg`armasiga ham o`z ko`magini ayamadi. Bu haqda UzA yozmoqda.
– Xalqimiz sinovli kunlarni boshidan kechirmoqda, – dedi Samarqand viloyati Samarqand tumanidagi “Yuqori turkman” MFY mutaxassisi Gulandon Sharopova. – Biroq shunday kunlarda mahallamizdagi kam ta`minlangan oilalarga tadbirkorlarimiz tomonidan ko`rsatilayotgan har tomonlama ko`makni alohida e`tirof etish kerak. Guli xonim Shayx ham mahallamiz tadbirkorlari qatorida ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari va pul berib, ularning mushkulini oson qilmoqda. Kecha, 5 may kuni u sardobaliklarga ko`mak berish uchun maxsus mashinada katta miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari, ro`zg`or uchun uchun zarur bo`lgan anjomlar hamda mahalla ahli bergan kiyim-kechaklarni etkazib berdi. Albatta, bu kabi ezgu amallar yaxshi kunlar kelishiga ishoradir.
Ta`kidlash kerakki, Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida sodir bo`lgan favqulodda vaziyat barcha saxovatpesha insonlarni shu hududda yashovchilarga yaqindan yordam berishdek ezgu maqsadga birlashtirdi. Avvalo, xalqimiz, turli tashkilotlar va tadbirkorlarga ularning og`ir kunlarida yaqindan yordam bermoqda. Ular qatorida Guli xonim Shayx ham pandemiya va Sardobadagi ofatlar sabab 75 million so`mlik saxovat ishlarini ko`rsatdi.
– Sardobadagi holatni ko`rib, ko`zimga yosh keldi, – dedi Guli xonim Shayx. – Qishloqlarga ancha talafot etgan. Ammo xalqimizning birdamligi, hukumatning mavjud vaziyatni yaxshilashga chora ko`rayotgani bu erda yashovchi aholiga katta dalda bo`lganini sezish qiyin emas. Biz tumandagi Qo`rg`ontepa qishlog`i aholisiga qo`limizdan kelganicha un, shakar, kartoshka, uy-ro`zg`or buyumlari va kiyim-kechaklar olib bordik. Bizning borishimizni eshitgan mahallamiz ahli ham yordam berishga shoshilib, kiyim-kechaklar berib yuborishdi. Hatto qo`rg`ontepaliklar bilan suhbatlashishga va birga iftor qilishga ham ulgurdik. Ochig`i, birozgina bo`lsa ham ularning kayfiyatini ko`tarishga muvaffaq bo`ldik. Endigi maqsadimiz Buxoro viloyatida qattiq shamol oqibatida jabr ko`rganlarga ko`mak berishdir.
– Avvalo, odamzodning boshiga tashvish tushmasin ekan, – dedi qo`rg`ontepalik A.Begimqulov. – Sardoba suv ombori keltirgan ofat nafaqat bizning, balki butun yurtimiz aholisining halovatini buzdi. Voqea sodir bo`lgan kundan buyon bu erga ko`makka keluvchilarning safi uzilmaydi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning o`sha kunlari biz bilan birga bo`lgani qanchalik madad bo`lganini har birimiz yurakdan his etdik. Ehtimol, bu biz uchun sinovdir, ammo xalq va davlatimiz ko`magida tez orada yaxshi hayotga qaytishga ishonamiz.