AsosiyJinoyat

Er shar`iy nikohidagi ayolini rashk qilib uni pichoqladi

'Er shar`iy nikohidagi ayolini rashk qilib uni pichoqladi'ning rasmi

Samarqandda shar`iy nikohdagi ayolini o`zgalardan rashk qilib, uning yuzi, qo`li va belini pichoq bilan kesib, tan jarohati etkazgan fuqaro 6 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda «Daryo»ga Jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand shahar sudi sudyasi Furqat Rahmonov ma`lum qildi.

Ta`kidlanishicha, 2019 yil 8 avgust kuni soat taxminan 15:00 da Samarqand shahar Buyuk ipak yo`li ko`chasida joylashgan savdo do`koni oldida fuqaro S.A. shar`iy nikohdagi ayoli Z.M.ni o`zgalardan rashk qilib, yonida bo`lgan pichog`i bilan uning yuz va boshqa sohalarini shafqatsizlik bilan bir necha marotaba kesib, qasddan tan jarohati etkazgan.

Jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand shahar sudida sudlanuvchi sifatida ishtirok etgan S.A. aybiga to`liq iqrorlik bildirib, turmush o`rtog`i F.A.da ko`ngli bo`lmaganligi, shu sababli Z.M. bilan norasmiy er-xotin bo`lib yurganligini ma`lum qilgan. S.A. Z.M.ni hammadan rashk qilib, «agar menga xiyonat qiladigan bo`lsang, yuzingni ‘urod’ qilib tashlayman» degan.

Jabrlanuvchi Z.M.ning opasi S.A.ning qonuniy xotini borligini bilib qolib, singlisiga u bilan munosabatini to`xtatishini  tayinlagan. Shundan keyin Z.M. S.A. bilan munosabatini uzgan.

Z.M.ning boshqa yigit bilan yurganini sezgan S.A. «bergan va`damni bajaraman, hali ko`rasan» deb, o`tkir kesuvchi pichog`ini olib, Z.M.ning sochidan ushlab uning yuz va bel qismiga jarohat etkazgan. Shundan keyin Z.M.ga yordamga kelgan opasini ham ushlab, pichog`i bilan uni ham jarohatlagan.

Sudlanuvchi S.A. Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og`ir shikast etkazish) 2-qismi «v» bandi va 105-moddasi (Qasddan badanga o`rtacha og`ir shikast etkazish) 2-qismi «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, olti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

    Boshqa yangiliklar