Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig`i Ilyos Erbo`taev Oqoltin tumanida qutqaruv ishlari davomida halok bo`lgan va bedarak yo`qolgan harbiy xizmatchilar haqida Xalqaro press-klub anjumanida ma`lumot berdi.
"Qutqaruv ishlari jarayonida Oqoltin tumanining uchta aholi maskanida 900 nafar qolib ketgan fuqarolarni qutqarish paytida harbiy xizmatchilarimiz qutqaruv-tekshiruv ishlarini olib borishni boshlashdi. Ushbu jarayonda kuchli suv toshqini natijasida Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari - kapitan Sanjar Ibragimov, oddiy askar Hazrat Suyunov va Husniddin Suyarovlar oqib ketgan.
Shu kunning o`zida kapitan Sanjar Ibragimov jiddiy jarohatlarsiz Oqoltin tumanining Bobur mahallasi hududida kuchli oqimdan chiqib olishga muvaffaq bo`lgan. Afsuski, ushbu talofatda serjant Husniddin Suyarov va Hazrat Suyunov bedarak yo`qolgan edi.
Olib borilgan qidirish ishlari jarayonida 3 kundan so`ng mardlarcha halok bo`lgan Husniddin Suyarovning jasadi topilgan. Hozirgi kunda bedarak yo`qolgan harbiy xizmatchi, oddiy askar Hazrat Suyunovni qidirib topish ishlari davom ettirilmoqda.
Ularning ko`rsatgan qahramonligi xotiramizda abadiy saqlanib qoladi", deydi Ilyos Erbo`taev.
Avvalroq Sardoba falokatida 6 kishi — 2 nafar ayol, 4 nafar erkak halok bo`lgani, bir kishi bedarak yo`qolgani, ana shu bedarak ketgan fuqaro Milliy gvardiya xizmatchisi ekani ma`lum qilingandi.






