Har bir ishlaydigan ota-ona uchun farzandini ishonib topshira oladigan joy bu albatta bog`cha sanaladi. Bugun bir qarashda bolani maktabgacha ta`lim muassasasiga joylash qiyin masaladay ko`rinadi. Biroq O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi Maktabgacha ta`lim muassasalari bo`lim boshlig`i Sabohat MIRJALILOVA respublikamizdagi hech bir bola bog`chaga qabul qilinmay qolmaydi, deya ishontiradi. Ayni shu mavzuda tahririyatimizga ota-onalardan tushgan savollarga vazirlik vakilidan javob olishga harakat qilamiz.
“BO`Sh O`RIN YO`Q” DEYIShSA...
Maktabgacha ta`lim muassasalarida qabul ketayotgan ayni bir pallada, ayrim bog`cha rahbarlari tomonidan ota-onalarga “bo`sh o`rin yo`q” deya javob qaytarish holatlari kuzatiladi. Qanday hollarda bolani bog`chaga qabul qilishdan bosh tortish mumkin?
Sh.Zufarova, Toshkent sh.
— O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan ro`yxatdan o`tgan “Davlat maktabgacha ta`lim muassasalariga bolalarni qabul qilish bo`yicha qabul komissiyasining faoliyat ko`rsatish tartibi to`g`risidagi Nizom”ga binoan maktabgacha ta`lim muassasasiga bolani qabul qilish masalasini muassasa rahbari emas, balki xalq ta`limi muassasalari faoliyatini metodik ta`minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo`limlari hal qiladi.
Agar siz yashab kelayotgan hududdagi bog`chalardan birortasida bo`sh joy bo`lmasa, bola o`sha hududga yaqin bo`lgan bo`sh o`rin mavjud bo`lgan boshqa bog`chaga qabul qilinishi shart.
Agar siz farzandingizni o`z hududingizga qarashli bo`lmagan muassasaga bermoqchi bo`lsangiz-u, u erda reja quvvatiga nisbatan ko`p tarbiyalanuvchi bo`lsa, bolani qabul qilish mumkin emas. Bunday muassasaga farzandingizni joylash uchun navbatga yozib qo`yish lozim bo`ladi.
Har yili iyun-avgust oylarida yangi o`quv yili hisobiga maktabgacha ta`lim muassasalariga jadval asosida ommaviy ravishda yo`llanma beriladi. Maktabgacha ta`lim muassasalari bolalarni yo`llanmalarga asosan bo`shagan o`rinlar (joylar) hisobiga qabul qiladi.
KIMLARNING FARZANDLARI NAVBATSIZ QABUL QILINADI?
- I va II guruh nogironlari;
- ko`p bolali oilalar;
- harbiy xizmatchilar;
- pedagoglar;
- talabalarning farzandlari.
BOLANI NEChI YoShDAN BOG`ChAGA NAVBATGA QO`YISh MUMKIN?
Maktabgacha ta`lim muassasasiga 2 yoshdan 6-7 yoshgacha bo`lgan bolalarni qabul qilish tuman, shahar hokimlarining qarori bilan tashkil etiladigan qabul komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Bolani navbatga qo`yish yoshi chegaralanmagan, aytish joizki, MTM joylashish u qadar qiyin masala emas va hech bir bola bog`chaga joylanmay qolmaydi.
XUSUSIY GURUHLARNING TO`LOV SUMMALARI KIM TOMONIDAN BELGILANADI?
Davlat maktabgacha ta`lim muassasalari qoshida xususiy guruhlar mavjud emas. U yoki bu ta`lim muassasasi ota-onalar bilan qo`shimcha shartnoma tuzgan holda, ota-onalarning talablaridan kelib chiqib to`garaklar shakllantirishlari mumkin. Aytaylik, ingliz tili, badiiy gimnastika, raqs va hokazo. Ushbu to`lovlar bola bog`chaga borayotgan paytda ota-onalar bilan shartnomada belgilab qo`yiladi.
MA`LUMOT UChUN
Uydan chiqmasdan turib ham bog`chaga joylash mumkin
Bugun maktabgacha ta`lim muassasalariga Yagona davlat interaktiv xizmatlar portali My.gov.uz va Xalq ta`limi vazirligining rasmiy sayti Uzedu.uz orqali elektron qabul ham yo`lga qo`yilgan. Ushbu saytlarga kirish orqali kerakli ma`lumotlarni olishingiz mumkin.
Eslatib o`tamiz!
Davlat maktabgacha ta`lim muassasalariga bolalarni qabul qilish komissiyalari haftasiga ikki marta – seshanba va juma kunlari qabul qiladi.
“BOLAM XOHLAMAYDI, MEN XOHLAYMAN!”
Farzandim bog`chaga borishni istamaydi, biroq uni bog`chaga boradigan bolalardan ortda qolmasligini istayman, bu borada menga qanday maslahat berasiz?
D.Elyorova, Termiz sh.
2015-2016-o`quv yillarida ta`lim muassasalardagi bo`sh o`rinlarga qarab 5-6 yoshli bolalar uchun qisqa muddatli guruxlar uchun “Bilimdon” dasturi ishlab chiqildi va amalga joriy etildi. Bugungi kunda ta`lim muassasalari qoshida 1775 ta ana shunday guruhlar o`z faoliyatini olib bormoqda. Sentyabrdan ularning sonini yana 1220 taga ko`payadi. Ushbu guruhlar bolalarni qamrab olishning past ko`rsatkichlariga ega bo`lgan aholi punktlarida maktabgacha ta`lim muassasasining moddiy-texnika bazasini bosqichma-bosqich mustahkamlash, shuningdek mukammal ta`mirlash va jihozlash, yangi muassasalar qurish, bolalarni maktabgacha ta`lim bilan 45 foizgacha qamrab olishni ta`minlash uchun mavjud quvvatlardan foydalanish chora-tadbirlari natijasida ishlab chiqildi. Guruhlar Toshkent shahridan tashqari respublikamizning barcha hududlarini qamrab oladi.
RAQAM
Bugun respublikamizda 4929 ta maktabgacha ta`lim muassasalari mavjud. Ulardagi tarbiyalanuvchilar soni 632 875 nafarni, pedagoglar soni 54058 nafarni tashkil qiladi.
QANDAY IXTISOSLAShGAN MAKTABGAChA TA`LIM MUASSASALARI BOR?
Ayni paytda mamlakatimizda 5 turdagi (nutqida og`ir nuqsonlari bo`lgan bolalar uchun, eshitishda og`ir nuqsonlari bo`lgan bolalar uchun, ko`rishda og`ir nuqsonlari bo`lgan bolalar uchun, psixik nuqsonli (psixik rivojlanishda kechikish, aqli zaif) bolalar uchun, tayanch-harakatlanish apparatida nuqsonlar bo`lgan bolalar uchun) maxsus hamda 2 ta turdagi sanator (gepatit kasalligi bilan og`rigan bolalar uchun, sil indeksasiyasi aniqlangan bolalar uchun) maktabgacha ta`lim muassasalari mavjud. Bu muassasalarga farzandingizni joylash uchun yashash manzilingiz bo`yicha oilaviy shifoxonalarga murojaat qilishingiz lozim.
Maxsus maktabgacha ta`lim muassasalariga bolalarni qabul qilish tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyalarning xulosasiga qarab belgilanadi.
QANDAY HUJJATLAR TAQDIM ETILADI?
- bolaning tug`ilganligi haqidagi guvohnoma nusxasi (ikki nusxada);
- bolaning otasi yoki onasining (yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslar) pasporti nusxasi (ikki nusxada);
- yashash joyidagi psixonevrolog, defektolog, otorinolaringolog, ortoped, okulist shifokorlarning bola nutqidagi nuqsoni, uning eshitish va ko`rish, tayanch – harakatlanish a`zosidagi nuqsonlari bo`yicha qo`yilgan tashxislari (asli va nusxasi);
- bola umumiy tipdagi muassasaga qatnagan bo`lsa, uning jismoniy yoki aqliy rivojlanishiga berilgan, muassasa mudirining imzosi va muhri bilan tasdiqlangan tavsifnoma (asli va nusxasi).
- Komissiyaga yuborilayotgan bolalarga yashash joyidagi shifokor (tor mutaxassislar)lar tomonidan qo`yilgan tashxis shifoxona bosh shifokori (u bo`lmagan hollarda uning o`rinbosari)ning imzosi va gerbli muhr bilan tasdiqlangan bo`lishi shart.
TO`LOV BO`YIChA ChEGIRMALAR BORMI?
- Maktabgacha ta`lim muassasasiga bitta farzandi qatnaydigan ota-onalar eng kam oylik maoshning 100 foizi miqdorida, ikki va undan ortiq farzandlari qatnovchi ota-onalar eng kam oylik maoshning 71 foizi miqdorida badal puli to`laydilar.
- Maktabgacha ta`lim muassasalari va internatlarda bolalar ta`minoti uchun to`lovlardan kam ta`minlangan oilalarning bolalari qonun hujjatlariga muvofiq ushbu muassasalarda (internatlarda)gi ularning umumiy conidan 15 foizi doirasida ozod qilinadi. Bunda ota-onalari (bittasi yoki ikkalasi) I yoki II guruh nogironlari bo`lgan kam ta`minlangan oilalarning bolalari, birinchi navbatda to`lovlardan ozod qilinadi.
DIQQAT!
Farzandingizni MTMga joylash bilan bog`liq muammolarga duch kelsangiz Xalq ta`limi vazirligining 10-06 ishonch telefonlariga murojaat qilishingiz mumkin.
Vazirlik axborot xizmati bilan hamkorlikda Laylo RUSTAMOVA tayyorladi