1

Qashqadaryoda o`z otasini o`ldirib, xovlidagi quduqqa tashlab yuborgan farzand uzoq muddatga qamaldi

Jinoyat 22.05.2020, 10:42
Qashqadaryoda o`z otasini o`ldirib, xovlidagi quduqqa tashlab yuborgan farzand uzoq muddatga qamaldi

Kutilmagan sovuq xabar Rahimso`fi mahalla ahlini butkul karaxt ahvolga solib qo`ydi. Gap shundaki, shu kuni uch farzandning otasi Ahmad Nurmatov (ism-shariflar o`zgartirilgan) o`z xonadonida to`ng`ich o`g`li Shuhrat Nurmatov tomonidan shafqatsizlarcha o`ldirilib, hovlidagi suvsiz quduqqa tashlab yuborilgani oshkor bo`ldi. Bo`lib o`tgan jinoiy ish haqida Jinoyat ishlari bo`yicha Qashqadaryo viloyati sudining sudyasi Fozil Yusupovdan eshitdik. 

Kutilmagan sovuq xabar Rahimso`fi mahalla ahlini butkul karaxt ahvolga solib qo`ydi. Gap shundaki, shu kuni uch farzandning otasi Ahmad Nurmatov (ism-shariflar o`zgartirilgan) o`z xonadonida to`ng`ich o`g`li Shuhrat Nurmatov tomonidan shafqatsizlarcha o`ldirilib, hovlidagi suvsiz quduqqa tashlab yuborilgani oshkor bo`ldi.

Xo`sh, bu mud­hish voqea qanday sodir bo`ldi? Ne­ga o`g`il bunday razil qilmishga qo`l urdi?

Bu kabi so`rovlarga ja­vob topish hamda mash`um fojia tafsilotlariga oydinlik kiritish uchun avvalo ushbu xonadondagi muhitga nazar tashlash joiz.

Marhum Ahmad Nurmatov avvaliga turmush o`rtog`i Maryam Salomova bilan tinch-totuv yashab, uch farzandni voyaga etkazishdi. Negadir keyinchalik er-xotin o`rtasida o`zaro kelishmovchilik, nojo`ya gap-so`z­lar ko`paya bordi. Bu orada Maryam bir necha marta bolalarini etaklab, ota xonadoniga ketib qoldi. Bi­roq keyinchalik mahalla-ko`y, yaqinlarining aralashuvi bois, farzandlarining taqdirini o`ylab, yana oilasiga qaytib keldi. Shundan so`ng ularning turmushi yana bir maromda davom eta boshlaganday edi.

Qarangki, bundan ikki yil muqaddam arzimas narsalar ustidagi er-xotinning o`za­ro tortishuvi katta mojaroga aylandi. Shundan so`ng bu oilada mashmashalarning cheki ko`­rinmay qoldi.

Axiyri, urush-janjallardan tamomila bezigan ayol qizi Nargizani etaklab, yana ota xonadoniga qaytib bordi. ¤g`illarining kattasi Shuhrat va eng kichigi Ozodbek otasi bilan birga qoldi.

Bu gal mahalla kayvonilari er-xo­tinni murosayu madoraga keltirishga qanchalik harakat qilmasin, baribir foydasi bo`lmadi. Qisqasi, bir oila parokandalikka yuz tutib, farzandlar ham arosatda qoldi.

Ota uyida qolgan oilaning to`ng`ich farzandi Shuhrat qish­loq hududidagi fermer xo`jaligida mavsumiy ish­­chi bo`lib ishlay boshladi. Ishlash asnosida fermer bilan g`alla hosili mavsumida ish haqi hisobidan 800 kilo, ya`­ni 1 million 360 ming so`mlik bug`doy olishga kelishib ham oldi.

Va`daga binoan, g`alla mavsumi ni­hoyasida fermer Shuhratga kelishilgan miqdordagi bug`doyni hi­soblab beradi. Hosilni Shuhrat ota xonadoniga olib kelib tushiradi va oradan bir hafta o`tgach esa, qo`shni Samar­qand viloyatidan tanishlari orqali ish topib, ishlash uchun jo`nab ketadi.

Odatiy kunlarning birida Shuhrat Samarqandda ishlab yurganida otasi unga qo`ng`iroq qi­lib, «Uyga kelib ket, ertaga bozor bo`­­la­di, bug`doyni sotmoqchi bo`lsang, so­­tib yubor, pulini nima qilsang, o`zing bilasan», deb qoldi. Shundan so`ng Shuhrat uyi­ga qaytib keldi.

Shuhrat Samarqanddan qayt­­­gach, to`g`­ri onasi vaqtincha yashab kelayotgan bobosi So­diq Pirmatovning xonadoniga kelib, otasining gapini onasiga etkazdi.

Xullas, shu kuni Shuhrat bug`doyni olib kelish maqsadida onasi Maryam opa hamda tog`asi Hamdamlar bilan ota uyiga borishadi. Ularni tund hol­­da, sovuq qarshi olgan otasi negadir onasi va tog`asini hatto darvozadan ichkariga ham kiritmaydi.

«G`allani olib ketgin», deb o`g`ilni chaqirgan ota endi to`­nini teskari kiyib olib, bug`doyni berib yuborishga u-bu bahonalarni ro`kach qilib, paysalga sola boshladi. Bundan norozi bo`lgan Shuhrat tog`asi bilan mahalla raisi hamda mahalla profilaktika inspektoriga arz qilishadi. Vaziyatni anglagan mahalla oqsoqoli va profilaktika inspektori Ahmad akaga qo`ng`iroq qilib, ish haqi evaziga kelgan bug`doyni o`g`liga be­­rib yuborishini yotig`i bilan tushuntirishadi.

Shundan so`ng ertasi kuni Shuhrat onasi bilan g`allani olib kelish maqsadida yana ota xonadoniga yo`l oladi. Ularni ko`rib, jahl otiga mingan ota bu gal ham ayolini ko`chada qoldirib, o`g`liga hovliga kirib bug`doyni olib chiqishiga izn beradi.

Shu asno Shuhrat erga to`kib qo`yilgan donni bo`sh xaltalarga joylar ekan, otasi to`satdan o`g`liga tashlanib, uni silkilay boshladi. Otasining bu xatti-harakatidan tamomila sarosimaga tushib qolgan Shuhrat atrofda loyga botib yotgan tayoqni olib, ura boshladi. Tayoq zarbidan Ahmad akaning oyog`i qattiq ja­rohatlanib, yiqilib tushadi.

Darvoza ortida Shuhratning chiqishini kutib o`tirgan onasi ichkaridan baqir-chaqirlarni eshitib: «Otangni o`l­dirib qo`yasan-ku», deya yugurib kelib, ularning orasiga tushadi. Oradan bir oz o`tgach, erining qonga belanib yotganini ko`rgan Maryam opa ko`chada o`ynab yurgan kichik o`g`li Ozodbekni chaqirib, uchovlon Ahmad akani oshxonaga ko`tarib olib kirishadi. Keyin esa, Maryam opa Shuhratga otasini boshqa urmasligini tayinlab, yana iziga qaytib ketadi.

Taassufki, onasi ketib qolgach, Shuhrat ukasi Ozodbekni ham aldab, oshxonadan chiqarib yuboradi-da, ko`zi qonga to`lgan ko`yi, rahm-shafqat degan tushunchani mutlaqo unutib qo`­yib, oshxona chetida yotgan temir bo`lagini olib, o`lim bilan kurashib yotgan otasining boshiga qay­ta-qayta uradi.

Qisqasi, ketma-ket urilgan og`ir zarbdan Ahmad aka voqea joyida jon taslim qiladi.

Keyin esa, Shuhrat qotillikni yashi­­rish maqsadida jasadni yo`qotish yo`llarini iz­lay boshladi. Shu payt to`satdan uning xayoliga allaqachon suvi qurib qolgan hovlidagi qu­duq keldi. U supa chetida yot­gan arqonni olib, jasadning bo`yin qismidan ikki-uch marta aylantirib ol­di. So`ng esa, hovli to`rida mollarga suv berayotgan ukasi Ozodbekni chaqirib, unga otalarini o`ldirib qo`y­ganligini aytib, jasadni yo`qotishga yordam berishini so`raydi:

— Nega unday qildingiz, aka?! — dedi Ozodbek yum-yum yig`lab. — Nega otamni o`ldirdingiz?

— Yig`lama, — deydi u. — Boshqa ilojim qolmadi. Onamga, bizlarga etkazgan shuncha azoblari uchun o`ldirdim.

Akasining gapidan Ozodbek battar uvvos tortib yig`laydi.

— Bo`lar ish bo`ldi, yig`ini bas qil. Endi jasadni yo`­­­qo­tishimiz kerak, bu haqda hech kimga og`iz ocha ko`r­ma. Aks holda, men qamalib ketaman. Sen jasadni huv anavi qudug`imizgacha sudrashib borsang, bo`ldi. Qolganini o`zim eplayman.

Shundan so`ng aka-uka jasadni quduq tomon sudray boshlaydi…

Uzoq davom etgan surushtiruv va tergov ishlari asnosida Shuhratning qotilligi fosh etildi.

Sud hay`ati ushbu jinoyat­ni batafsil o`rganib chiqib, sudlanuvchi Shuhrat Nurmatovni Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm etdi.

Inchunin, sud sudlanuvchi Maryam Aliboevaga jazo ta­yinlashda, uning aybiga iq­ror va pushaymonligini, muqaddam sudlanmagani, qaramog`ida voya­ga etmagan farzandi borligi, qil­mishi og`ir bo`l­magan jinoyatlar tur­kumiga kirishi, oilada asosiy bo­quvchi ekani, bir oiladan ik­ki ki­shi sudlanayotganini inobatga olgan holda, uni jamiyatdan ajratmagan hol­­da axloqan tuzatish mumkin, deb hisoblab, muayyan­ muddatda ozodlikni cheklash jazosi tayinlashni lozim topdi.

Shu o`rinda ko`ngildan ba`zi bir mulohazalar kechadi. Allaqachon parokandalikka yuz tutgan bu oilaning hayo­tini yaqindan bilgan mahalla-ko`y, qo`ni-qo`shni, qavm-qarindoshlar o`z vaqtida vaziyatni yaxshilashga harakat qilganlarida, ehtimol, bu fojia yuz bermagan, o`g`il esa, otasining qo­tiliga aylanmagan bo`larmidi?!

Ehtimollar ko`p. Ammo en­di bundan foyda yo`q. Shunday ekan, yuqoridagi kabi no­­xush voqealarning qayta takrorlanmasligi uchun tevarak-atrofimizga teranroq boqishimiz, odamlarning hayotiga hech qachon befarq bo`lmasligimiz kerak.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1