Joriy yilning 21 may kuni soat 17:10 larda, Navoiy viloyati, Uchquduq tumanidan Zarafshon shahri yo`nalishi bo`yicha bir nafar yo`lovchi bilan harakatlanib kelayotgan “Labo” rusumli 85 866 TAA davlat raqam belgili transport vositasi “Uchquduq” to`siq postida xizmat olib borayotgan Milliy Gvardiya xodimlari tomonidan dizenfeksiya choralarini ko`rish maqsadida to`xtatilib, haydovchidan transport vositasini qayd etish guvohnomasini taqdim etishi, ushbu ma`lumotlar postda yuritilayotgan jurnalga qayd etilishini ma`lum qilishgan.
Shunda, haydovchi Miliy Gvardiya xodimlariga ushbu postdan har kuni o`tib qaytishini, har safar hujjatlarini ko`rsatmasligini aytib, ular bilan tortishib turgan vaqtida, ushbu postga xizmatga jalb etilgan Uchquduq tuman IIB YHXG ma`muriy amaliyot inspektori A.Umarjonov postda joylashgan xizmat xonasidan chiqib kelib, holatga aralashib haydovchidan hujjatlarini taqdim etishini so`ragan.
Haydovchi unga hujjatlari yo`qligini ma`lum qilganidan so`ng, YPX xodimi A.Umarjonov uni avtomashinadan tushishini, avtomashinasi esa jarima maydoniga qo`yilishini aytgan.
Haydovchi avtomashinadan tushganidan so`ng A.Umarjonov unga tegishli avtomashinani jarima maydoniga qo`yish maqsadida rul boshqaruviga o`tirgan vaqtida avtomashinada o`tirgan yo`lovchi xodimning harakatlarini videotasvirga olishni boshlab, xodimga nima sababdan bodikamerasiz xizmat olib borayotganligini aytib, turli vajlar keltirib, uni harakatlarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishini ma`lum qilgan va ularni qo`yib yuborishini so`ragan.
Shu vaqt xodim uni videotasvirga olishiga qarshilik ko`rsatmoqchi bo`lgan. Shundan so`ng, A.Umarjonov tomonidan ushbu transport vositasi haydovchisi A.K.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Mamuriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 194 va 135-moddalariga ko`ra bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashinasi evakuator yordamida jarima maydoniga qo`yilgan.
Shu kuni A.Umarjonov xizmatga chiqishidan oldin bodikamerasini navbatchilik qismidan olgan bo`lsada, ushbu holat sodir bo`lgan vaqtda u bodikamerasini shu postda joylashgan xizmat xonasida unutib qoldirgan.
Mazkur holat yuzasidan Navoiy viloyati IIB YHXB mas`ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o`tkazildi. Bu haqda IIV YHXBB Axborot xizmati xabar berdi.
Xizmat tekshiruvi xulosasiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabr kunidagi 975-son qarori talablariga rioya qilmagan Navoiy viloyati, Uchquduq tumani IIB YHXG MA inspektori A.Umarjonovga “Qattiq hayfsan” e`lon qilindi.
Shuningdek, Uchquduq tumani IIB YHXG MA inspektori A.Umarjonov tomonidan haydovchi A.Karimovga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 135, 194-moddalari tartibida rasmiylashtirilgan ma`muriy bayonnoma va to`plangan hujjatlar ko`rib chiqishlik uchun Uchquduq tumani Ma`muriy sudiga yuborilishi belgilandi.






