O`zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hamda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi mutaxassislari tavsiyalaridan kelib chiqqan holda jazoni ijro etish tizimi muassasalarida koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida ko`rsatmalar ishlab chiqilib, ijro uchun barcha muassasalarga yuborildi. Bu haqda yuz.uz yozmoqda.
Jazoni ijro etish muassasalarida fuqarolar va jismoniy shaxslar vakillarini qabul qilish vaqtincha to`xtatildi. Xodimlar va harbiy nazoratchilar tibbiy ko`rikdan o`tkazilishi hamda muassasalarga kirayotgan barcha shaxslarni tibbiy niqobda yurishi tashkillashtirildi.
Muassasalarga kirish joyida tashkil etilgan dezinfeksiya tunnelining doimiy ravishda ishlash sifati nazoratga olingan. Barcha muassasalarda fumizator uskunasi yordamida xloraktiv moddasi bilan har kuni ikki marotaba, yotoqxona, oshxona, uchrashuv xonasi va boshqa binolar har kuni bir marotaba dezinfeksiya qilinayapti.
Tergov hibsxonalarida saqlanayotgan sud organlari ixtiyorida bo`lgan shaxslarning sud prosessida ishtiroki video-konferens aloqalardan foydalangan holda amalga oshirilmoqdi. Tizimdagi barcha muassasalarda saqlanayotgan shaxslarni tergov va sud jarayoniga olib chiqilishi, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bilan uchrashuvlari vaqtincha to`xtatildi.
Yo`qlov va banderollar qadoqlangan holda qabul qilinib, zararsizlantirilib egasiga etkazilmoqda. Tergov jarayoni yakunlangach, hibsxonaga keltirilayotgan shaxslar, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo`llanilib olib kelingan shxslar koronavirusga o`tkazilgan tekshiruv natijasi asosida qablu qilinib, alohida xonada 14 kun karantinga olinayapti.
Mahkumlarning tana harorati muntazam tekshiriladi. Ular orasida o`tkir respirator kasalliklar aniqlanganda bemorlarni boshqa mahkumlardan ajratgan holda saqlash uchun alohida xonalarda (izolyator) 775 ta karantin o`rinlari tashkil etildi.
Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O`zbekistondagi loyihalar koordinatori o`rinbosari Xans-Ulrix Im tomonidan 2020 yilning 10 aprel kuni insonparvarlik yordami sifatida berilgan 180 million so`mlik 15 turdagi turli tibbiy vositalar Toshkent viloyatidagi 21-son jazoni ijro etish koloniyasiga va 24-son tarbiya koloniyasiga tarqatildi.
Jazoni ijro etish muassasalarida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish uchun patogenetik dori - darmon, himoya (yuz niqobi) va dezinfeksiya vositalari zahirasini yaratish uchun qo`shimcha 700 million so`m mablag` ajratildi.
Amalga oshirilayotgan ana shunday muhim chora-tadbirlar natijasida hozirgi kunga qadar jazoni ijro etish muassasalarida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar aniqlanmadi, deb xabar beradi O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish bosh boshqarmasi axborot xizmati.