1

«Toshshahartransxizmat» AJ: avtobus haydovchilari uchun kunlik rejalar bekor qilinadi

Jamiyat 06.06.2020, 09:58
«Toshshahartransxizmat» AJ: avtobus haydovchilari uchun kunlik rejalar bekor qilinadi

Xabaringiz bor, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq, joriy yilning 8 iyunidan «sariq» va «yashil» hududlarda jamoat transportida shahar (tuman) va shahar atrofi yo`nalishlari bo`yicha avtobus harakatlariga ruxsat berildi.

Deyarli 3 oy davomida xalqimiz jamoat transportidan foydalanmayotgan edi. Ungacha esa tizimda ayrim muammolar ko`zga tashlanardi. Jumladan, Toshkent shahrida haydovchilarning muomala madaniyati va o`ziga xos «avtobuslar poyga»lari haqida qator maqolalar ham e`lon qilingandi.

O`z navbatida «Toshshahartransxizmat» AJ «D» toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo`lgan avtobus haydovchilarini 15 kunlik ish cmenasi, 3 million so`m oylik ish haqi bilan, shuningdek, konduktor chiptachilarini 15 kunlik ish smenasi, 1 million sakkiz yuz ming so`mdan boshlanadigan oylik ish haqi bilan ishga taklif etgan.

Xo`sh, endi qanday tartibda faoliyat davom ettiriladi? Haydovchilar uchun qiyinchilik tug`dirgan «kunlik plan»lardan voz kechiladimi?

«Toshshahartransxizmat» Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o`rinbosari, A`zam Abdullaevning ma`lumot berishicha, endilikda haydovchilarga yangicha talablar qo`yilishi bilan bir qatorda ularning ishlari engillashtirilib, qator imtiyoz va takliflar ham nazarda tutilmoqda.

– Albatta, jamiyatimiz butunlay yangicha formatda ishni davom ettirish niyatida, – deydi A`zam Abdullaev. – Avvalo, haydovchilarga qo`yilgan talablarimizni kuchaytirdik. Barcha belgilangan qoidalarga har bir haydovchi rioya etishi shart. Shunga yarasha ancha imtiyoz va engilliklar kiritilmoqda. Jumladan, haydovchi va chiptachilar uchun ancha qiyinchilik tug`dirgan, oldindan o`rnatilgan rejalar endi yo`q. Qancha pul tushishi ularning muammosi emas.

Haydovchilar 15 kun ishda va mos ravishda bir oyda 15 kun uyda bo`lishadi. U belgilangan manzilga aniq ko`rsatilgan vaqtda etib borishi kerak. Haydovchi oldin ma`lum pul tushumini yig`ishi kerak bo`lar edi, agar yig`masa oyligiga ta`sir qilib, har kuni ishlashiga to`g`ri kelardi. Endi bunday bo`lmaydi. Haydovchilarning o`zigina emas, farzandlariga ham dam olish uchun yo`llanmalar beriladi. Ijtimoiy himoyasi ta`minlanadi.

Hozirda aksiyadorlik jamiyati tomonidan jamoat transporti faoliyatini qayta tiklashda belgilangan qoidalarga rioya etilishi uchun barcha choralar ko`rilmoqda. Jumladan, avtokorxonalar tomonidan transport vositasini har bir qatnov oldidan va oxirgi bekatda, shuningdek, avtoshohbekatlarda to`liq dezinfeksiya qilish, haydovchilarni tibbiy niqob va qo`lqoplar bilan ta`minlash hamda ularning muntazam ravishda o`z vaqtida almashtirib borish bo`yicha ishlar boshlab yuborilgan.

Eslatib o`tamiz, koronavirus pandemiyasi tufayli 22 martdan buyon Toshkent shahrida jamoat transporti harakati to`xtatilgan edi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1