1

Yo`qolgan attestat dublikatini rasmiylashtirish 200 dollarmi?!

Jinoyat 09.06.2020, 10:18
Yo`qolgan attestat dublikatini rasmiylashtirish 200 dollarmi?!

                                     YoXUD TA`LIM TIZIMIDAGI NAFSI O`PQONLAR QO`LGA TUShDI

Prezidentimiz ta`lim tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e`tibor qaratganlari natijasi o`laroq, xalq ta`limi tizimiga oid 6 ta farmon va qaror, Vazirlar Mahkamasining 21 ta qarori qabul qilinib, bu sohadagi islohotlarning huquqiy-me`yoriy asoslari mustahkamlanib bormoqda. Oxirgi 3 yilda o`qituvchilarning ish haqi o`rtacha 2,5 barobar oshirildi. Prezidentimiz 2019 yil 23 avgust kuni xalq ta`limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma`naviyatini yuksaltirish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida “Hurmatli muallimlarimiz, jonkuyar maktab direktorlarini, soha faxriylarini el-yurtimizning tayanchi va suyanchi, deb bilamiz”, deya mazkur soha vakillariga yuksak ishonch ham bildirganlar. Biroq “guruch kurmaksiz” bo`lmas ekan...

Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tumani xalq ta`limi bo`limining 2019 yil 17 sentyabrdagi buyrug`iga asosan 31 yoshli fuqaro shu tumandagi umumta`lim maktablaridan birida direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimida ishlab kelgan. Bir fuqaro maktab direktori v.v.b.ga murojaat qilib, “tanishimning maktabni 2019 yilda tugatgani haqidagi yo`qolgan attestati dublikatini rasmiylashtirib bering”, deya iltimos qilgan.

Maktab direktori v.v.b. esa noqonuniy boylik orttirish maqsadida yo`qolgan attestat dublikatini rasmiylashtirib berilishini tezlashtirish evaziga 200 dollar pora so`raydi. Mirzo Ulug`bek tumani xalq ta`limi bo`limida O`quv-ishlab chiqarish majmualari faoliyatini tashkil etish va metodik xizmat ko`rsatish sho``basining 37 yoshli mudiri bilan til biriktiradi. Unga attestat dublikatini rasmiylashtirib berilishini tezlashtirish maqsadida 150 dollar pora bergan.

37 yoshli mudir ishni tezlashtirish maqsadida Toshkent shahar xalq ta`limi bosh boshqarmasi O`quv-ishlab chiqarish majmualari faoliyatini tashkil etish va metodik xizmat ko`rsatish bo`limining 38 yoshli boshlig`iga murojaat etadi. Boshliq esa “murojaat etgan shaxsdan 100 dollar olamiz. Uchchovimiz bo`lishib olamiz”, deya xizmat xonasida sho``ba mudiridan o`z ulushi tariqasida 600.000 so`m pora olgan.

Attestat dublikati tayyor bo`lganidan so`ng, maktab direktori v.v.b. iltimos bilan murojaat qilgan fuqarodan oldindan kelishilgan 200 dollar va 400.000 so`m pulni olib kelishini so`ragan. Huquqni muhofaza qiluvchi organ hodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, xizmat xonasida pora olayotganida ushlangan.

                                              “50 DOLLARI MENING FOYDAMGA QOLIShI KERAK EDI”

Sudda sudlanuvchi aybiga to`liq iqrorlik bildirdi...

— 2016 yilning avgustidan boshlab, Toshkent shahar M.Ulug`bek tumanidagi maktablardan birida Ma`naviyat va ma`rifat ishlari bo`yicha direktor o`rinbosari lavozimida ishlaganman. 2019 yilning 17 sentyabrdan maktab direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimiga o`tdim. Oldimga maktabni 2019 yilda bitirgan qizning otasi keldi. “Qizimning attestatini uydagi janjal natijasida yoqib yubordim. Shu attestatni tez fursatda qayta tiklashga yordam bering. Tezlashtirib bersangiz xursand qilaman”, dedi. Telefon raqamini yozib olib, qo`ng`iroq qilishimni bildirdim. M.Ulug`bek tuman XTBda ishlovchi tanishimdan attestat masalasida yordam berishini so`radim. U esa menga ushbu masalani Toshkent shahar XTBB xodimlari orqali so`rab, aniqlik kiritishini aytdi. Ertasiga fuqaro xonamga keldi. Uning oldida sho``ba mudiriga qo`ng`iroq qildim. U “Gazetada e`lon bersin va uni olib, Toshkent shahar XTBBdagi bo`lim boshlig`ining oldiga borsin”, dedi. Fuqaro ketma-ketlikda aytilgan ishlarni bajargan. Attestat dublikatini tayyorlash uchun 200 dollar berish so`ralganida fuqaro rozi bo`lgan. Oradan 2 kun o`tib, sho``ba mudirimenga qo`ng`iroq qilib, “dublikatni olish uchun Toshkent shahar XTBBga xat tayyorlab, hujjatlarni olib borish kerak. O`zi bilan 100 dollar olib kelsin”, dedi. Shunda fuqaroga qo`ng`iroq qilib, 200 dollari olib kelishini aytdim. Fuqaro “Toshkentdan uzoqdaman, qaytgach beraman”, dedi. Shu kunning o`zida sho``ba mudiriga maktabda farrosh bo`lib ishlovchi ayol orqali hujjatlarning ichiga 100 dollar qo`yib jo`natdim. Ayolning pul nima maqsadda berilayotganidan xabari bo`lmagan. 2-3 kun o`tgach, sho``ba mudiri menga qo`ng`iroq qilib, “attestat dublikatini tayyorlash sal muammoli bo`layapti. Yana 50 dollar qo`shib bersin”, dedi. Murojaatchiga qo`ng`iroq qilsam, “shaharga qaytay, bir oz muddat sabr qilib turing”, dedi. Sho``ba mudiri bilan uchrashib, 50 dollar berdim. Keyinchalik attestat egasining buvisi qo`ng`iroq qilib, “attestat dublikati tayyor bo`lyaptimi?” deb so`radi. “Hujjatlar tayyorlanyapti. Nabirangizning otasi bilan gaplashdim”, dedim. Shunda ayol “U erkak nabirasining otasi emasligi, begona”, dedi. Sho``ba mudiri esa menga qo`ng`iroq qilib, attestat dublikati tayyorligini aytdi. Shunda maktab o`qituvchisini tuman XTBga jo`natib, attestati dublikatini olib keltirdim. So`ng murojaatchiga qo`ng`iroq qilib, “dublikat tayyor, 200 dollarini olib keling”, dedim. Shuningdek, qizning buvisiga ham qo`ng`iroq qilib, dublikatni olib ketishi mumkinligini aytdim. Murojaatchi erkakka 200 dollardan tashqari xarajatlar ko`payib ketgani sabab yana 400.000 so`m pul olib kelishini tayinladim. U bilan maktab darvozasi oldida uchrashib, xizmat xonamga taklif qildim. Ishoramga ko`ra, pullarni stolga qo`ydi. Kuzatib qo`ymoqchi bo`lganimda, xonamga Departament xodimlari kirib kelishdi. Ularga sho`ba mudiri mendan olgan 150 dollarni “bo`lim boshlig`i beraman”, deganin aytdim. Murojaatchidan olgan 200 dollarning 50 dollari mening foydamga qolishi kerak edi. Qolgan 400.000 so`m esa qilingan xarajatlar uchun edi. Attestat dublikatini tayyorlab berish vakolatimga kiradi. Sababi dublikat blankasiga imzo va muhrni maktab direktori qo`yadi. Qilmishimdan pushaymonman. 

Sudlanuvchi jinoyatni ochilishida tergov organiga yordam berganini inobatga olib, engillik qo`llashni so`rab ko`rsatma bergan. Shuningdek, sudda sho``ba mudiri ham aybiga to`liq, bo`lim boshlig`i esa qisman iqror bo`lgan. 

Muhammad QAYuMOV, jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tuman sudi sudyasi:

SudlanuvchilarJK 210-moddasi 2-qismining “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Ushbu modda bilan JKning 45-moddasini qo`llab 1 yil muddatga ta`lim sohasida rahbarlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlandi. JKning 57-moddasi qo`llanilib, ish haqining 20 foizi davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

JKning 62-moddasiga asosan qamoqda saqlangan muddatining har bir kuni axloq tuzatish ishlari jazosining uch kuniga tenglashtirib hisoblagan holda chegirib tashlandi va ish haqining 20 foizi davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 11 oy 18 kun axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

                                                                                                                        Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1