1

Buxoroda fermer oqlandi

Jinoyat 10.06.2020, 13:01
Buxoroda fermer oqlandi

Tergov organi tomonidan Jinoyat kodeksi 109-moddasi (badanga engil shikast etkazish jinoyati), 112-moddasi (o`ldirish bilan qo`rqitish jinoyati), 237-moddasi (jinoyat to`g`risida yolg`on xabar berish) hamda 219-moddasi (xokimiyat vakiliga qarshilik ko`rsatish jinoyatlari) bilan ayblanib sudga berilgan Olot tumanidagi  fermer xo`jaligi rahbari Jinoyat ishlari bo`yicha Qorako`l tuman sudida oqlandi...

Ish jinoyat ishlari bo`yicha Buxoro viloyat sudining apellyasiya instansiyasida prokuror protesti asosida ish qayta ko`rib chiqilib, hukm o`z kuchida qoldirildi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Oliy Majlisga yo`llagan murojaatnomasida “Sudyalarimizning adolatni va qonun ustivorligini ta`minlash borasida oqlov hukmlarini chiqarayotgani hech shubhasiz, sud-huquq soxasidagi eng katta yutug`imizdir. Men, Prezident sifatida sudyalarning bunday jasorati va qat`iyatini bundan keyin ham to`liq qo`llab-quvvatlayman” deya ta`kidlagandi.

          Jinoyat ishlari bo`yicha Buxoro viloyat sudining hamda jinoyat ishlari bo`yicha Qorako`l tuman sudining oqlov qarorlari davlatimiz rahbarining ana shu fikrlariga munosib javob bo`ldi.

Xo`sh, dastlabki tergov organi nima sababdan fermerni qator jinoyatlarni sodir qilganlikda ayblagan edi?

Barchasi fermer xo`jaligi cho`ponining turmush o`rtog`i bir bosh ona-bola sigiri yo`qolganligi to`g`risida IIBga g`arazgo`ylik niyatida bergan yolg`on xabaridan boshlanadi.

IIB xodimlari jinoyat yuz bermaganligini sezgan bo`lsalarda, buni qonuniy yo`l bilan hal qilish o`rniga cho`ponning rafiqasining “og`zini yopib”, undan tezroq va osongina qutilishni o`ylab, qaerdandir boshqa bir sigir topib, cho`ponning rafiqasiga berib, so`ng uni bu harakatlari uchun siquvga olishadi.

Cho`ponning rafiqasi siquv natijasida yolg`on xabari va sigirni noqonuniy qo`lga kiritganligi fosh bo`lishidan qo`rqib,bu sigir uniki emasligi, o`zining sigirini topib berishlarini so`rab, IIB xodimlarining tazyiq o`tkazayotganligi to`g`risida turli davlat organlariga ariza yozishda davom etadi.

VOQEALAR RIVOJI AVJ OLADI...

Shundan so`ng IIB xodimlari “maxkam bel bog`lagan holda” qonuniy ravishda tergovga qadar tekshiruv o`tkazib, cho`ponning rafiqasining turmush o`rtog`i aslida sigirning haqiqiy egasi bo`lgan cho`ponni so`roq qilib, jinoyat yuz bermaganligini, sigir o`g`irlanmaganligini aniqlab, cho`ponning rafiqasiga Jinoyat kodeksi 237-moddasi (jinoyat haqida yolg`on xabar berish) bilan ayb e`lon qilishadi.

Cho`ponning fermer xo`jaligi rahbari bilan munosabatlari yomonligi uchun “yolg`on xabar berishni cho`ponning rafiqasiga fermer xo`jaligi rahbari maslahat bergan”, degan taxminiy ko`rsatuvidan kelib chiqib, IIB xodimlari fermerga ham cho`ponning rafiqasiga sherik sifatida Jinoyat kodeksi 237-moddasi bilan ayb e`lon qilishadi.

Fermer xo`jaligi rahbari bunday nohaqlikdan “bosh ko`targach”, IIB xodimlari fermerning aybini yanada mustaxkamlash maqsadida cho`ponning fermer bir vaqtlar uni qoramollarni qarovsiz qoldirganligi uchun urganligi va suvga tashlab o`ldirib yuborish bilan qo`rqitganligi haqidagi ko`rsatuvlaridan kelib chiqib, fermerning aybini Jinoyat kodeksi 109-moddasi va 112-moddasi bilan to`ldirishadi.

IIB xodimlari cho`ponning ko`rsatuvlari evaziga yordam sifatida unga fermer xo`jaligining molxonasida turgan, nizoli bo`lgan 5 bosh qoramollarni olib berish maqsadida fermer xo`jaligining cho`ldagi molxonasiga borib, bu 5 bosh qoramollarning ishga aloqasi bo`lmasada noqonuniy ravishda ularni cho`ponga olib berishadi. 

Fermer xo`jaligi rahbarining o`z molxonasida o`tkazilgan noqonuniy tergov harakatiga qarshiligi haqli bo`lishiga qaramay, fermerga xokimiyat vakiliga qarshilik ko`rsatganlikda asossiz Jinoyat kodeksining 219-moddasi bilan ham ayb qo`yishadi.

Ushbu jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov jarayonida to`plangan dalillar sudda tekshirilganda, fermerning jinoyat haqida yolg`on xabar berishda cho`ponning rafiqasi bilan jinoiy til biriktirganligi isbotlanmadi. Cho`ponning rafiqasi sigiri yo`qolganligi to`g`risida yozgan arizalarini faqatgina o`z huquqiy ongiga tayanib yozganligini aytib o`tdi.

Bundan tashqari, IIB xodimlarining fermer xo`jaligining molxonasida o`tkazgan olib qo`yish tergov harakati sud qarori bilan noqonuniy deb topilganligi uchun hamda fermerninng cho`ponni urganligi va uni o`ldirish bilan qo`rqitganligi isbotlanmaganligi sababli fermer OQLANDI. 

                                                                      J.SADIROV, Jinoyat ishlari bo`yicha Qorako`l tuman sudi raisi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1