Washington Post gazetasining yozishicha, iyun oyining boshida AQShning 14 ta shtatida koronavirus yuqtirish holatlari yana oshib ketgan.
So`nggi haftada Alyaska, Arizona, Arkanzas, Texas, Kaliforniya, Shimoliy Karolina, Janubiy Karolina, Florida, Kentukki, Nyu-Meksiko, Missisipi, Oregon, Tennessi va Yuta shtatlarida koronavirus tarqalishi yana kuchaygan.
Bunga sabab sifatida AQShning qishloq joylarida ham kasallikka chalinish holatlari ko`paygani aytilmoqda. Holbuki, infeksiyaning «birinchi to`lqiniga» Nyu-York va Chikago kabi aholi ko`p bo`lgan shaharlar duch kelgandi.
Bundan avval AQSh kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazi (CDC) Jorj Floydning o`limi tufayli yuz bergan ommaviy norozilik chiqishlaridan keyin vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotganini ma`lum qilgandi. Zero, shifokorlarni ommaviy namoyishlar COVID-19 bo`yicha olib borilayotgan statistikaga qanday ta`sir etishi qiziqtirmoqda.
Xopkins instituti ma`lumotiga ko`ra, AQShda koronavirus yuqtirish bilan bog`liq 1,96 millionta holat ro`yxatga olingan, pandemiyadan vafot etganlar soni 112 ming kishiga etdi.






