1

Soxta advokat qo`lga tushdi

Jinoyat 11.06.2020, 12:30
Soxta advokat qo`lga tushdi

Muqaddam 5 marotaba sudlanib ham tegishli xulosa chiqarmagan vaqtincha ishsiz bo`lgan fuqaro yana eski “hunari”ni qo`ymadi. U xavfli residivist bo`la turib, o`zganing mulkini aldash va ishonchini suiiste`mol qilish yo`li bilan qo`lga kiritishni maqsad qildi...

2019 yil fevralda taxminan soat 19:00 larda Toshkent shahar, Mirzo Ulug`bek tumani, Buyuk ipak yo`li metro bekati yaqinida joylashgan kafeda bo`lgan bir ayolning ishonchiga kiradi. O`zini advokat sifatida tanishtirib, Qashqardaryo viloyatidagi jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o`tayotgan ukasiga nisbatan jinoyat ishi bo`yicha advokat sifatida qatnashib, ukasini ozodlikka chiqarishda yordam berishini va`da qiladi. Ayoldan 2.400 AQSh dollari miqdorda pul hamda 2019 yil 14 mart kuni Chilonzor tumanidagi Olmazor metro bekatini yaqinidagi avtoshohbekatda ayolning qarindoshlari tomonidan Termez-Toshkent yo`nalishi bo`ylab qatnaydigan taksi haydovchisi orqali 1.300 AQSh dollari miqdorda pullarni oladi. Bergan va`dasini bajarmay, olgan jami 3.700 AQSh dollarini o`zining shaxsiy extiyojlari uchun sarflab yuborgan.

Markaziy bankning ma`lumotiga ko`ra, 2019 yil 13 fevral holatiga 1 AQSh dollarining milliy valyuta so`mga nisbatan qiymati 8395,15 so`mni, 3700 AQSh dollari 31.062.055 so`mni tashkil etgan.

                      “JAMI 3.700 AQSh DOLLARNI O`Z EHTIYoJLARIM UChUN SARFLAB YuBORDIM”

Sudlanuvchi sudda aybiga to`liq iqror bo`ldi...

2018 yil taxminan yanvarda Tergov hibsxonasida saqlangan vaqtimda bir yigit bilan tanishib qolgandim. Yigitni o`zimga nisbatan jinoyat ishi bo`yicha oqlanganimni aytib aldaganman. Shunda u “menga ham yordam bering”, dedi. “Ozodlikka chiqqanimdan so`ng, seni jinoyat ishing bilan o`zim tanishib, oqlanishingga yordam beraman”, deya javob qaytardim. Ozodlikka chiqqanimdan so`ng, 2019 yil taxminan yanvarda yigitning opasi menga qo`ng`iroq qilib, ukasining ishi yuzasidan uchrashishni taklif qildi. 2019 yil taxminan fevralda uchrashdik. Yordam berishimni so`raganida, ayolga o`zimni advokat sifatida tanishtirdim. Ukasiga oid jinoyat ishi bilan shaxsan o`zim tanishib chiqib, uning oqlanib ozodlikka chiqishida yordam berishni va`da qildim. Evaziga esa unga xizmat haqini oldindan berishi kerakligini aytdim. Shu vaqtning o`zida 2.400 AQSh dollari oldim. Aslida advokat emasdim, ukasiga oid ish bo`yicha hech qanday harakat qilmaganman. Pullarni esa o`z ehtiyojlarim uchun sarflaganman. Oradan vaqt o`tib, 2019 yil martda shaxsiy extiyojlarim uchun yana pul zarur bo`lganida ayolga qo`ng`iroq qildim. Ukasining ishi bo`yicha xizmatim uchun 2000 AQSh dollari berishi kerakligini aytdim. Ayol puli yo`qligini, lekin qarindoshlaridan qarzga pul so`rab berishi mumkinligini aytdi. Shu tariqa 2019 yil 13 martda ayol menga 1.300 AQSh dollarni kuyovi taksi orqali berib yuborayotganini aytdi. Kuyovi bilan telefonda gaplashib, ertasi kuni ertalab, Chilonzor tumanidagi Olmazor metro bekati yonida joylashgan avtoshoxbekatda Toshkent–Termez yo`nalishi bo`ylab qatnaydigan taksi haydovchisidan pullarni oldim. Jami 3.700 AQSh dollarni o`z ehtiyojlarim uchun sarflab yubordim. Hozirda qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymonman. Jabrlanuvchiga nisbatan etkazilgan zarar to`liq qoplangan.

Farrux  TURAXODJAEV, jinoyat ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tuman sudi sudyasi:

— Sudlanuvchi JK 168-moddasi 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Unga uzil-kesil o`tashlik uchun har oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolingan holda 2 yil 1 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

                                                                                                                         Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1