9 iyun kuni BMTning inson huquqlari bo`yicha eksperti Ojea Kvintana hozirda Shimoliy Koreyada keng miqyosda oziq-ovqat etishmovchiligi va odamlarning och qolayotgani haqida ma`lum qildi. Bu haqda tarjimon.uz xabar bermoqda.
Shimolliklarning bunday og`ir vaziyatga tushib qolishlariga Xitoy bilan chegaralarning besh oydan beri yopiqligi va qat`iy karantin cheklovlari sabab bo`lgan.
Shimoliy Koreyada BMTning maxsus reportyori vazifasida ishlovchi Ojea BMT Xavfsizlik Kengashini bu mamlakatda oziq-ovqat etishmovchiligini bartaraf etish uchun unga qo`yilgan iqtisodiy sanksiyalarni qaytadan ko`rib chiqishga chaqirgan.
1990 yillarda 3 million odam ochlikdan vafot etgan Shimoliy Koreyada hozirgacha koronavirus tarqalgani haqida xabar berilmagan. Ammo, Ojea ushbu pandemiya sabab bu mamlakat juda og`ir qiyinchilikka duch kelganini ta`kidlagan. Mart va aprel oyida Xitoy bilan savdoning 90 foizga kamaygani Shimoliy Koreyani juda katta daromaddan mahrum qilgan.
“Shimoliy Koreyada ko`plab oilalar kuniga ikki marta yoki bir marta ovqatlanishadi.Ba`zilar esa ochlikdan o`lmoqda” deydi Ojea.
Ojea Kvintana Shimoliy Koreya hukumatidan mamlakatga chetdan keladigan insonparvarlik yordamlarini cheklovlarsiz kiritilishini so`ragan. U, shuningdek, og`ir mehnat,ovqat etishmasligi va yuqumli kasalliklardan o`layotgan mahbuslarning sonini aytib,ularni hozirgi pandemiya davrida qo`yib yuborilishi kerakligini ta`kidlagan.
Jahon oziq-ovqat tashkiloti matbuot kotibi Elizabet Birsning aytishicha,Shimoliy Koreyadagi gumanitar vaziyat juda og`irligicha qolmoqda. Ushbu tashkilot 2020 yilda mazkur mamlakatdagi 1.2 million odamga yordam berishni maqsad qilmoqda.
“Shimoliy Koreyada 10 million odam, ya`ni aholining 40 foizi insonparvarlik yordamiga muhtoj” deydi Birs.






