Ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda IIB xodimlari tomonidan kaltaklangan fuqaroning ag`ir ahvoldagi holati aks etgan video tarqaldi. Bu haqdagi video saytimizda avval berilgandi. Ana shu voqea yuzasidan IIV rasmiy izoh berdi.
Xabarda aytilishicha joriy yilning 30 may kuni Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining 4-sonli ichki ishlar bo`limi xodimlari ish yurituvida bo`lgan fuqaro A. Abdukarimov Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgan. U vrachlar tomonidan ko`zdan kechirilganda badanida og`ir tan jarohatlari mavjudligi aniqlangan. Unga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy yordam ko`rsatilganiga qaramasdan, A. Abdukarimov 11 iyun kuni vafot etgan.
Holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Olib borilgan tergov harakatlari davomida, uch nafar ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206, 234 va 235-moddalari bilan ayb e`lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Hozirda jinoyat ishi bo`yicha prokuratura organlari tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Ichki ishlar organlari xodimlari ushbu fuqaroga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilganligi, hayoti va sog`lig`i uchun xavfli bo`lgan zo`rlik ishlatish holatlariga yo`l qo`yilganligi tergov jarayonida o`rganiladi.
Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan zudlik bilan xizmat tekshiruvi tayinlanib, o`tkazilgan tekshiruv xulosasiga ko`ra, fuqaro A.Abdukarimovning ichki ishlar bo`limida noqonuniy ushlab turilganligi va boshqa noqonuniy holatlar bo`yicha bir qator xodimlarga nisbatan keskin intizomiy jazo choralari qo`llanilgani aytilmoqda.
Xususan, Andijon shahar IIO FMB 4-son ichki ishlar bo`limi jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakillari katta leytenant F.Xusanboev, katta leytenant E.Rayimjonov va katta leytenant Q.Qodirovlar ichki ishlar organlaridan o`z lavozimidan bo`shatilgan.
Andijon shahar IIO FMB boshlig`i podpolkovnik S.Usmanov va Andijon shahar IIO FMB 4-sonli ichki ishlar bo`limi boshlig`i podpolkovnik P.Mamajonovlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgan. Bundan tashqari, 19 nafar rahbar va xodimlarga turli ko`rinishdagi qat`iy intizomiy jazolar qo`llangan.
Inson huquqlarini himoya qilishdek muqaddas burchiga xiyonat qilgan hech bir xodim kechirilmaydi. Yuzaga kelgan mazkur holat bo`yicha vakolatli organlar tomonidan adolatli tergov-surishtiruv ishlari amalga oshiriladi hamda qonun ustuvorligi va jinoyatga jazo muqarrarligi ta`minlanadi, deyiladi IIV izohida.