Ma`lumki, ayni paytda tuman, shahar hokimlari va ularning o`rinbosarlari zimmasiga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlarni izchil hayotga tatbiq etish, shu orqali xalqimizni, oddiy odamlarimizni rozi qilish mas`uliyati yuklangan. Albatta, besh qo`l barobar bo`lmaganidek, bu vazifani kimdir uddalayapti, kimdir esa yo`q. Bu borada o`zining fidokorona xizmati bilan yurtdoshlarimiz oldida yuzi yorug` bo`layotgan mas`ullarga tahsin aytmay ilojimiz yo`q. Ammo…
Ammo zimmasidagi mas`uliyatdan o`z nafsini ustun qo`yib, qonunni oyoqosti qilayotgan mansabdorlar ham goh-gohida uchrab turibdi oramizda.
So`x tumanida yashovchi Mirzonaim Vosiqov (ism-shariflari o`zgartirilgan) ham bir yarim yildan ko`proq vaqt mobaynida tuman hokimligida bosh mutaxassis vazifasida binoyidek mehnat qildi. Biroq o`tgan 2019 yilning iyun oyida So`x tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi-yu, bir hafta o`tmayoq firibgarlikka qo`l urdi.
Gap shundaki, M. Vosiqovning xizmat vazifalariga vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risidagi qonun hujjatlari ijrosini ta`minlash, ijtimoiy-diniy masalalarni hal etish kirgani bois, u tuman “Haj” va “Umra” ziyoratlarini tashkil etish komissiyasining raisi hisoblanardi. So`x tumanidan “Umra-2019” ziyoratiga boruvchilarning ro`yxati shakllantirilganidan keyin ayni masalada uning eshigini qoqib keluvchilar ko`paydi. Dastlab unga avvaldan tanigan fuqaro A. Meliev onasi bilan birga “Umra” safariga bormoqchi ekanligini bildirib, murojaat qildi.
— Juda yaxshi niyat qilibsizlar, bizni ham etkazsin, — dedi Mirzonaim xushmuomalalik bilan. — Hujjatlarni tayyorlab, harakatni boshlayvering.
U shunday deb mahalla fuqarolar yig`inidan beriladigan tavsiyanoma, tibbiy ko`rik xulosasi, fotosuratlar va boshqa zarur hujjatlarni taqdim qilish lozimligini ta`kidladi. Shu bilan birga, bo`lajak hojidan onasi va o`zining nomidan ariza yozdirib oldi. Oradan ikki-uch kun o`tib, A. Meliev hujjatlarni tayyorlab kelgach esa har bir kishi uchun 11 700 000 so`mdan to`lovni amalga oshirish shartligini aytdi.
Binobarin, bu hamyurtimiz ertasigayoq o`zi hamda onasi B. Melieva hisobiga 23 400 000 so`m pulni M. Vosiqovga topshirdi. Lekin hokim o`rinbosari unga pul to`laganligini tasdiqlovchi hech qanday hujjat bermadi.
Shundan so`ng onasi va rafiqasini Makkai mukarramaga yuborish niyatida yurgan fuqaro B. A`zamov ham hokimlik mutasaddisidan maslahat va yordam so`rab keldi.
— Haj va Umra tadbirlari bilan shug`ullanadigan xususiy agentlikda tanishlarim bor. Xohlasangiz, onangiz va kelinoyimni ana shu agentlik orqali tezroq va osonroq yuborishimiz mumkin, — dedi shunda Mirzonaim uning ko`ngliga qo`l solib.
— Mayli, qanday bo`lmasin qiynalmay borib kelishsa bo`ldi, — deya rozilik berdi B. A`zamov.
Hokim o`rinbosariga undan ham 23 000 000 so`m pulni undirish qiyin kechmadi. Keyin esa fuqaro Z. Sharipova 12 000 000 so`m pul to`ladi. Shu tariqa M. Vosiqov 2019 yilning iyun-sentyabr oylarida o`zining firib to`riga yana 13 nafar fuqaroni “ilintirdi”. Bir so`z bilan aytganda, 15 nafar kishini tanish xususiy agentlik orqali muqaddas ziyoratga yuborishini aytib, ularning jami 180 125 000 so`m naqd pullarni qo`lga kiritadi. Ammo hech biriga kvitansiya yoki biror hujjat bermaydi. Bu esa unga juda qo`l kelib, olgan pullarining qariyb 80 000 000 so`mini turli maqsadlarga sarflaydi. Jumladan, tuman hokimining og`zaki topshirig`iga binoan 6 000 000 so`mni So`x — Rishton yo`li ochilishi munosabati bilan yo`l yoqasiga katta tasviriy oyna jihozi o`rnatilishiga, 3 100 000 so`mni tuman Madaniyat uyini jihozlash va mebel olib kelishga, 6 000 000 so`mni o`qituvchilar bayrami tadbirlariga, 3 000 000 so`mni o`g`li S. Mirzoasqarov shaharda yashagan davri uchun 6 oylik ijara haqiga, 2 000 000 so`mini 16 nafar futbolchilarning musobaqaga borib-kelish xarajatlariga, salkam 10 000 000 so`mni Qo`qon shahrida o`tkazilgan Hunarmandlar festivalida 15 kun yurgan vaqtida sarflab yuboradi.
Biroq 2019 yilning oktyabr oyiga kelib, pul bergan fuqarolar birin-ketin ziyoratga qachon jo`nashlarini so`ray boshlashadi. Negaki ular viloyatning boshqa tuman, shaharlarida yashovchi tanish-bilishlaridan Umra safariga qisqa muddatda borib kelishayotganini eshitishadi-da.
Shuning uchun Mirzonaim firibgarlarga xos turli vaj-karsonlar hamda quyuq va`dalar bilan so`roqlab keluvchilarni tinchlantirib, aldab yuraveradi.
Buni qarangki, 2019 yil noyabr oyining oxirida “qahramon”imizning kirdikori fosh bo`ladi. Keyinchalik ayon bo`lishicha, 2019 yil 25 noyabrda M. Vosiqov poytaxtga — Prezident Administrasiyasi huzuridagi Boshqaruv akademiyasiga o`qishga yuboriladi. Binobarin, u o`sha kunlari uyali telefonini o`chirib qo`yadi. Bu holat esa aldangan fuqarolarning shubha-gumonlarini yanada oshiradi. Natijada jabrlanuvchilar unga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`rab, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qilishadi. Hatto bu xususda uning raqamiga “SMS” xabar ham jo`natishadi. Shu bois Mirzonaim 2019 yil 29 noyabrda Rossiya Federasiyasining Kazan shahriga qochib ketadi. Oradan bir necha kun o`tgandan keyingina dadasiga telefon qiladi, xolos.
— Menga sira esdan chiqmaydigan sovg`a qilding, bolam, — deydi otasi Mirzoasqar Vosiqov avval uni obdon koyib, so`kib, xumoridan chiqqach. — Xullas, amakingdan qarz olib, shaltog`ingni tozaladim.
Darhaqiqat, Mirzoasqar aka 180 125 000 so`m naqd pulni o`g`lining xatti-harakatidan jabrlangan fuqarolar hisobiga “Agrobank”ning So`x filialiga topshirgandi. Mirzonaim bo`lsa shundan so`ng uyiga qaytib keladi. Oqibatda unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atiladi.
Yaqinda mazkur ish jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona tuman sudi tomonidan videokonferensaloqa rejimida ko`rib chiqildi. Sud majlisida aybdor qilmishiga to`liq iqror bo`lib, hokim o`rinbosari sifatida ziyoratga boruvchilardan pul olish vakolati yo`qligini, faqatgina ularga kerakli tavsiyalarni berishi lozimligini, “Umra” ziyoratiga yuborish bilan shug`ullanuvchi xususiy agentlik vakillari bilan tanish emasligini, bu haqdagi gapni fuqarolarni ishontirish maqsadida aytganligini tan oldi. Binobarin, sud uning aybiga iqrorligidan tashqari jabrlanuvchilarga etkazilgan zarar to`liq qoplanganligini ham inobatga olgan holda qonuniy jazo tayinladi.
Eng muhimi, jabrlanuvchilar 2019 yil dekabr oyida “Umra” ziyoratiga borib kelishdi. Ziyorat chog`ida hojilar Mirzonaim singari firibgarlarga insofu tavfiq berishini so`rab duo qilishgan bo`lsa ham ajab emas.
Farruh ABDURAIMOV, jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona tuman sudining raisi,
Xurshid SULTONOV, jurnalist






