“Ijtimoiy xodimlarning maqomi, vazifalari, funksiyalari va malakaviy talablari to`g`risidagi yo`riqnomani tasdiqlash haqida”gi qaror Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi. Bu haqda vazirlikning Huquqiy axborot kanali xabar bermoqda.
Mazkur yo`riqnomaga ko`ra, ijtimoiy xodim ijtimoiy xizmatlar ko`rsatishni tashkillashtiradigan yoki bevosita ijtimoiy xizmatlarni ko`rsatuvchi zarur kasbiy malakaga ega bo`lgan shaxs hisoblanadi.
Ijtimoiy xodimning quyidagi lavozimlari mavjud:
• barcha sohalarda ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish bo`yicha mutaxassis;
• oila, bolalar va yoshlar bilan ijtimoiy xizmat olib boruvchi ijtimoiy xodim;
• o`zgalar parvarishiga muhtoj bo`lgan yolg`iz qariyalar va nogironligi bo`lgan shaxslarni parvarish qilish bo`yicha ijtimoiy xodimning assistenti.
Mazkur hujjat bilan ijtimoiy xodimlarning vazifalari belgilandi.
Jumladan, barcha sohalarda ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish bo`yicha mutaxassis huquqiy, profilaktik, qo`llab-quvvatlovchi, reabilitasion va terapevtik xususiyatga ega psixoijtimoiy xizmatlar ko`rsatish orqali shaxslarga og`ir turmush sharoitidan chiqishga ko`maklashadi.






