AsosiyJamiyat

Plastik karta o`maruvchilaridan ehtiyot bo`ling

'Plastik karta o`maruvchilaridan  ehtiyot bo`ling'ning rasmi

So`nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda kam ta`minlangan, og`ir dardga chalingan bemorlarning yaqinlari ularni davolatish maqsadida moddiy yordam so`rab murojaat etish holatlari ko`p uchiramoqda. Xayr-sahovatli, mehr va oqibatli xalqimiz imkoniyati darajasida boshiga ish tushganlarga ko`mak berishga oshiqadi. Ammo, ayrim insofsiz va nopok kimsalar qulay vaziyatidan foydalanib, firibgarlik yo`li bilan oson boylik orttirish, jinoyatga qo`l urushdan tap tortmayapti.  

O`zganing ishonchiga kirib, qisqa vaqtda firibgarlik yo`li bilan mo`may daromad topib, boshqalarni mushkul vaziyatga solib qo`yayotganlarni faqat qoralash mumkin. Ichki ishlar vazirligi ham plastik kartalar bilan bog`liq firibgarlik holatlari yuzasidan aholini ogohlikka chaqirayotgani bejiz emas.  

Plastik kartadagi mablag`larni o`maruvchi kimsalar go`yoki ma`lum miqdordagi summani sizga o`tkazib berish bahonasida, karta egasi ishonchiga kiradi va kerakli kodni bilib olib, plastik hisobidagi suammani echib oladi. Yoki soxta yordam beruvchi qiyofasiga kirib, tegishli plastikka yordam mablag`larini o`tkazib olib, so`ng juftakni rostlaydi.  

- “Yurtdoshlarimiz orasida bu kabi holatlarning sodir bo`lishida ularning moliyaviy savodxonligi etishmasligidan va yoki komunikasion texnologiyalar,  qurilmalarni to`g`ri va xavfsiz ishlatishni bilmasliklari oqibatida yuz bermoqda” – deydi Markaziy bank To`lov tizimlari departamenti direktori Ulug`bek Mahmudov. Bu borada iste`molchilar qat`iy ogohlantirilib, bank kartalaridan foydalanishda ehtiyotkor bo`lishlari doimiy aytib kelinmoqda.  

O`zbekiston  iste`molchilar  huquqlarini himoya  qilish jamiyatlari federasiyasi axborot bo`limi  plastik karta egalari, quyidagilarga doimo e`tibor qaratishingizni so`radi:

- Bank plastik kartalarini, ularning pin-kodini begona shaxslarga bermang.

- cvv yoki cvc maxsus kodlarini, bank plastik kartasining hisobraqamini, shuningdek, karta raqami va amal qilish muddatlarini boshqalarga ma`lum qilmang.

- Bank plastik kartasini bankdan olganda maxfiy kalit so`z ro`yxatga olingan bo`lsa, ushbu kalit so`zni oshkor etmang.

- Bir nechta bank plastik kartalariga ega bo`lingan holda ularning pin-kodlarini boshqalaridan farqli qilib o`rnating;

- Savdo nuqtalari atrofdagi begona shaxslar orasida karta pin-kodini ma`lum qilmang va to`lov terminallariga pin-kodni shaxsan kiriting.

- Bankomatlar, to`lov shohobchalaridan foydalanilganda kartani qo`yish, pin-kodni kiritish qurilmalari oldidan shubhali qoplamalar (skimming qurilmalari) mavjud emasligini tekshiring.

- Masofadan turib internet tarmog`i orqali mobil dasturiy ilovalar yordamida elektron to`lovlarni yoki pul o`tkazmalarini amalga oshirish davomida to`lov amaliyotini tasdiqlovchi maxsus kodni oshkor etmang.

- Internet tarmog`i orqali elektron to`lovlarni begona kompyuter va mobil qurilmalar orqali o`tkazmang (bunda karta haqidagi ma`lumotlar hamda ruyxatdan o`tish uchun zarur login va parollar ushbu qurilmalarda saqlanib qolish xavfi mavjud);

- Shubhali bo`lgan, ishonchliligi tasdiqlanmagan internet saytlarida, shuningdek yutuqli aksiyalarda bank plastik kartalari to`g`risidagi ma`lumotlarni qo`llab pul o`tkazmalarini amalga oshirmang.

- Internet tarmog`i orqali elektron pochta yoki ijtimoiy tarmoqlardan bank plastik kartasi to`g`risidagi maxfiy ma`lumotlarni jo`natmang;

- Telefon orqali bank sohasi mutaxassisi sifatida o`zini tanishtirib turli sabablar asosida karta to`g`risidagi konfidensial ma`lumotlarni so`ragan shaxslarga ularni oshkor etmang va bu haqida bankka zudlik bilan murojaat qiling.

- Bank plastik kartasi uchun SMS-xabarnoma xizmatini begona shaxslar telefon raqamiga ulamang.

Va albatta, turli yordam aksiyalariga pul o`tkazish chog`ida uning haqiqiqatdan ham manziliga etib borishiga ko`zingiz etmasa, tanimagan-bilmagan odamlarga ishonmang.

 

 

 

    Boshqa yangiliklar