AsosiyJamiyat

“Super Oy” ishi bo`yicha qaror qabul qilindi

'“Super Oy” ishi bo`yicha qaror qabul qilindi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi huzuridagi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama to`g`risidagi qonun hujjatlari buzilganligini ko`rib chiqish bo`yicha maxsus komissiyasi “Unitel” MChJ vakolatli shaxslari bilan iste`molchilarning “Super Oy” internet-paketlari bo`yicha erkin tanlash huquqi cheklanganligi yuzasidan ishni ko`rib chiqdi.

“Zoom” onlayn videokonferensaloqa xizmati orqali ishni ko`rib chiqish jarayonida Kompaniya internet-paketlarini taqdim etishda o`z xizmatlaridan foydalanishga qistaganligi natijasida, abonentlar (iste`molchilar) “Super Oy” internet-paketlaridagi arzon narxdagi internet-paketlarni tanlash imkoniyatidan mahrum qilinganligi, shu tariqa iste`molchilarning taqdim etilayotgan xizmatlarni tanlash erkinligi cheklanganligi, bu bilan O`zbekiston Respublikasi «Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida»gi Qonunining 4 va 21-moddalari buzilishiga yo`l qo`yilganligi aniqlandi.

Demak, “Super Oy”  internet-paketlarining “Ulanish va taqdim etish shartlari” bo`limida mazkur internet-paketlariga ulanish uchun  har safar so`rov yuborilganda tizim abonentning oxirgi 90 kun ichida internet uchun qilgan xarajatlarini tahlil qilinishi va 30 kun davomida eng yuqori bo`lgan xarajat qiymatini aniqlanishi belgilangan.

Shundan so`ng abonentga 30 kun davomida amalga oshirilgan xarajat qiymatiga teng yoki undan yuqori bo`lgan internet paketlariga ulanish taklif etiladi.

Narxi ushbu xarajat qiymatidan past bo`lgan “Super Oy” internet-paketlariga ulanish esa cheklangan.

Maxsus komissiya tomonidan ko`rib chiqish natijalariga ko`ra, “Unitel” MChJga  “Super Oy” internet-paketlaridagi cheklovlarni bekor qilish va iste`molchi-abonentlarga internet xarajatlari va uning qiymatidan qat`i nazar, ushbu liniyaning internet-to`plamidan foydalanishda tanlash erkinligini taqdim qilish, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi «Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida»gi Qonunining 4-bandi 1-qismi va 21-moddalari talablari buzilishini tugatish hamda kelgusida takrorlamaslik yuzasidan ko`rsatma berildi.

Shuningdek, «Unitel» MChJ vakillari kompaniyaning ushbu harakatlarida iste`molchilar huquqlarini himoya qilish to`g`risidagi qonun hujjatlari buzilishiga yo`l qo`yilmagan deb hisoblamoqda.

Komissiya tomonidan mazkur qaror ustidan bir oy muddatda O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi yoki tegishli ma`muriy sudga shikoyat qilish huquqlari tushuntirildi.

    Boshqa yangiliklar