AsosiyJamiyat

Agentlik taklif etayotgan Kanadadagi ish o`rinlari haqqoniymi?

'Agentlik taklif etayotgan Kanadadagi ish o`rinlari haqqoniymi?'ning rasmi

Avvalroq, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tomonidan O`zbekiston fuqarolarini Kanadaga ishga jalb qilish yuzasidan e`lon berilgan edi. Shundan so`ng, ko`pchilik ijtimoiy tarmoq faydalanuvchilari ushbu ish o`rinlariga qiziqish bildirdi. Ayrim munosabatlarda ushbu ish o`rinlari haqiqatdan yiroqdek tuyulayotgani aytilgan. Ushbu holat yuzasidan Agentlik bayonot bilan chiqdi:

"Ushbu ma`lumotga e`tibor qaratgan barcha bloger va tashqi mehnat migrasiyasi sohasi mutaxassislariga minnatdorlik bildiramiz va doimo hamkorik qilishga tayyorligimizni ma`lum qilamiz.

Vazirlar Mahkakmasining “O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish va tubdan qayta ko`rib chiqish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq xorijda salohiyatli ish beruvchilarni izlash, xorijda ishlash uchun talabgorlar ro`yxatini shakllantirish, ish beruvchilar tomonidan talabgorlarni tanlab olish ishlarini tashkillashtirish Agentlik zimmasiga yuklatilgan.

Shundan kelib chiqib, Agentlik xorijiy ish beruvchilar taqdim etgan bo`sh ish o`rinlari haqidagi ma`lumotlarni axborot kanallari orqali aholiga etkazadi. Talabgorlardan takliflar olingach, ular ish beruvchilar tanlovlarida ishtirok etadi va muvaffaqiyatli o`tgan fuqarolar, ish beruvchi va Agentlik o`rtasida shartnoma imzolanadi.

Ta`kidlash joizki, bugungi pandemiya sababli dunyo mehnat bozorida yuzaga kelayotgan inqirozli vaziyatda fuqarolarimizni xorijda ish bilan ta`minlash, mavjud ish joylarini saqlab qolish Agentlikning eng dolzarb vazifalaridan biriga aylandi.

Shu maqsadda, Kanada va O`zbekiston o`rtasida mehnat migrasiyasi bo`yicha kelishuv loyihasi tayyorlanib, Kanada tomoniga taqdim etilgan. Shu bilan birga, bugungi kunga qadar ushbu mamlakatning 23 ta ish beruvchisi bilan muzokaralar olib borilgan. Ulardan 14 tasi qiziqish bildirib, bo`sh ish o`rinlari mavjudligini ma`lum qilgan.

Albatta, xorijga, ayniqsa, dunyoning rivojlangan mamlakatlariga qonuniy ishga ketish bir necha bosqichli murakkab jarayon ekani ko`pchilikka yaxshi ma`lum. Ushbu e`londan Kanadaga ishga ketish uchun faqat ingliz tilini bilish, rezyume va pasportga ega bo`lish etarli, deb xulosa chiqarish esa mantiqsizlik.

E`lonning izoh qismiga ahamiyat berilsa, nomzodlarni aniqlash va ularning bazasini shakllantirish uchun berilganini tushunish qiyin emas, ish haqi masalasida esa o`rtacha oylik maoshi miqdorida ko`rsatilgan.

Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tartibli, xavfsiz va qonuniylik prinsiplari asosida fuqarolarni xorijga ishga jalb qilish borasidagi ishlarini davom ettiradi" — deyiladi ish o`rinlari bo`yicha izohda. 

    Boshqa yangiliklar