Kuni kecha, Vazirlar Mahkamasi xodimida koronavirus aniqlangani va Hukumat binosi karantinga olingani xabar qilingani edi. Sog`liqni saqlash vazirligi bergan ma`lumotga ko`ra, bugun, 18 iyun kuni Toshkent shahrida aniqlangan 9 ta koronavirus holatlarining 2 nafari Vazirlar Mahkamasining xodimlarida qayd etilgan. Bu haqda Bosh vazirning matbuot xizmati qo`shimcha axborot berdi.
"Joriy yil 17 iyun kuni Vazirlar Mahkamasi xodimlarining ikki nafaridan COVID-19 infeksiyasi aniqlandi. O`rganishlar natijasida koronavirus ularda klinik belgilarsiz (simptomlarsiz) kechayotgani ma`lum bo`ldi.
Belgilangan tartibda zarur choralar ko`rilib, ushbu xodimlar shifokorlar nazoratiga olindi. Ular bilan ish jarayonida muloqotda bo`lgan xodimlar ikki hafta muddatga karantinga o`tkazildi va ayni paytda Vazirlar Mahkamasi doimiy tartibda ishlamoqda.
Shuni alohida qayd etish lozimki, hukumat pandemiya davrida muntazam ravishda faoliyat yuritib kelmoqda", deyiladi matbuot xizmati xabarida.






