AsosiyJinoyat

Karantin davrida qimor o`ynaganlar qo`lga tushdi

'Karantin davrida qimor o`ynaganlar qo`lga tushdi'ning rasmi

Yurtimizda ham koronavirus pandemiyasi qayd etilib, karantin e`lon qilinganidan buyon mutassadilar har bir fuqaro mazkur karantin qoidalariga qat`iy rioya qilishi zarurligini bot-bot takrorlashmoqda. Shunga qaramay, oramizda nafaqat o`zi, balki atrofdagilarning ham sog`ligi, hayotini xavfga qo`yib, mazkur karantin me`yorlariga amal qilmay, “xurmacha” qiliqlarini davom ettirayotganlar ko`plab uchrayapti. Ana shunday holatlardan yana birida Navoiy viloyati IIB JQB uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo`limi hamda Karmana tuman IIB JQB xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda fosh bo`ldi...

Tezkor tadbir jarayonida 60 yoshli fuqaro soat 21:00ga qadar bo`lgan vaqt oralig`ida qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o`yinlarni moddiy manfaatdorlik evaziga tashkil qilgani ma`lum bo`ldi. Aniqrog`i, fuqaro o`z uyida 4 nafar mehmonlariga qimor o`ynashga sharoit yaratib bergan. Tezkor tadbir jarayonida 324 ming so`m miqdordagi pullar va o`yin qartalari ashyoviy dalil sifatida xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.  

“O`YINGA QIZIQIB KETGANIM SABABLI  QIMOR O`YNAShLARIGA QARShILIK QILMADIM”

Sud majlisida sudlanuvchi aybiga to`liq iqrorlik bildirdi...

— Jiyanim qo`ng`iroq qilib, “Go`sht olgandim. Uyingizga borsam, pishirsak”, dedi. Tabiiyki, kelaverishini aytdim. Oradan ko`p vaqt o`tmay, jiyanim uch nafar sheriklari bilan birga kirib keldi. Ovqat tayyor bo`lgunga qadar, ular “olti qarta” (“durak”) o`yinini o`ynashdi. Ovqatlanib bo`lgandan so`ng, soat 20:30 lardan o`tganida o`yin qiziq bo`lishi uchun kimdir o`yinga pul tikib o`ynashni taklif qildi. O`yinga qiziqib ketganim sababli, ularni qarta o`yinida pul tikib, qimor o`ynashlariga qarshilik qilmadim. Ularning har biri ming so`m yoki 2 ming so`mdan tikib, qimor o`ynashni boshlashdi. Soat 21:00 lardan o`tganidan so`ng uyimga o`zlarini IIB xodimlari deb tanishtirgan fuqarolik va xizmat kiyimida bo`lgan kishilar kelishdi. Bizlar o`tirgan xonaga kirishdi. Shunda sheriklarim “uch qarta” qimor o`yinini o`ynab o`tirishganini ko`rishdi. IIB xodimlari ikki nafar xolis ishtirokida davrada turgan qarta va qimor uchun tikilgan 324 ming so`mni daliliy ashyo tariqasida rasmiylashtirib olishdi. Uydan eski 5 dona qarta qutilari va o`yinga tikilmagan pullar chiqdi. 

Qilgan ishimdan chin ko`ngildan pushaymonman. 

         Alisher SAYDULLAEV, jinoyat ishlari bo`yicha Navoiy viloyati Karmana tuman sudi sudyasi:

— Sudlanuvchi JK 278-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga shu moddaga asosan JKning 57-moddasini qo`llab, 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

                                                                                                                         Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar