So`nggi haftalarda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasining engil shakllari yoki kasallik alomatlarisiz o`tish holatlari ko`paymoqda. Buni inobatga olib, shuningdek, Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining tavsiyalarini e`tiborga olgan holda fuqarolar sog`lig`ini himoya qilish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi qarori qabul qilindi. Unga ko`ra karantin tartiblariga bir qator o`zgarishlar kiritilmoqda.
Sal avval, ya`ni 2020 yil 8 iyundan boshlab “sariq” va “yashil” hududlarda jamoat transportida shahar (tuman) va shahar atrofi yo`nalishlari bo`yicha avtobus harakatlariga ruxsat berilgan edi (damas, mikroavtobus va metropoliten faoliyati bundan mustasno).
Biroq, bu boradagi monitoring natijalari avtobus salonida ijtimoiy masofani saqlash bilan bog`liq karantin talablarini buzib, tirbandlik hosil qilgan holda yo`lovchi tashish holatlari uchrayotganligini ko`rsatmoqda. Bu esa, aholi o`rtasida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga sabab bo`lishi mumkin bo`lgan holat sifatida epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortish uchun asos bo`ladi.
Shu munosabat bilan Maxsus komissiya qaroriga muvofiq Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va Transport vazirligiga avtobus reyslarida tirbandlikka yo`l qo`ymaslik hamda boshqa sanitariya-epidemiologiya talablariga qat`iy rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi.
Eslatib o`tamiz, bundan tashqari, Maxsus komissiyaning qarori bilan Toshkent shahri mahallalarida blokpostlar qayta tiklanishi belgilandi.
Shuningdek, endi supermarket va boshqa yirik do`konlarga kirishda xaridorlar bepul qo`lqop bilan ta`minlanadi.






