Bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlar orqali qidirilayotgan farg`onalik haydovchining jasadi tanib bo`lmas holatda topilgani haqida xabar bergan edik.
Eslatib o`tamiz, shu yilning 5 yanvar kuni Farg`ona viloyati Dang`ara tumanida yashagan 1962 yilda tug`ilgan marhum K. Yu. o`ziga tegishli bo`lgan Cobalt avtomashinasida «Qo`qon-Toshkent» yo`nalishi bo`ylab kira qilish maqsadida yashash xonadonidan chiqib ketgan. Ammo uyiga qaytib kelmagan. Bedarak yo`qolgan K. Yu. boshqaruvida bo`lgan bo`lgan Cobalt avtomashinasi 8 yanvar kuni Toshkent viloyati Ohangaron shahar Yangiobod MFY hududida, uning murdasi esa tan jarohatlari bilan “Angren” daryosi qirg`og`idan topilgan edi.
Toshkent IIBning xabar berishicha, surushtiruvlar davomida gumonlanuvchi U.Yo. ning Ohangaron va Olmaliq shaharlarida sodir etgan boshqa (o`g`irlik) jinoyatlari ham fosh etilgan. Hozirda mazkur jinoyat ishlari yuzasidan Ohangaron shahar IIB TB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






