AsosiyJamiyat

Sirdaryodagi toshqinda bedarak ketgan askar Qozog`istondan qidirilmoqda

'Sirdaryodagi toshqinda bedarak ketgan askar Qozog`istondan qidirilmoqda'ning rasmi

Shu yilning 1 may kuni Sirdaryo viloyatidagi "Sardoba" suv ombori yorilishi natijasida ro`y bergan kuchli toshqinda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari qutqaruv ishlariga jalb qilingan edi. Oqoltin tumanidagi qutqaruv ishlari davomida oddiy askar Husniddin Suyarovlar oqib ketib, halok bo`lgandi. Yana bir askar Hazrat Suyunov esa bedarak yo`qolgandi. 

Shu yilning 16 may kuni Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig`i Ilyos Erbo`taev Xalqaro press-klub anjumanida bedarak ketgan askar hamon qidirilayotganini ma`lum qilgandi.

Kazinform yozishicha, o`zbekistonlik askar endilikda Qozog`iston respublikasi, Turkiston viloyati, Maqtaaral tumanidan izlanmoqda. 

Chimkent favqulodda vaziyatlar departamenti matbuot xizmatining xabar berishicha, 20 iyun kuni qutqaruv guruhi a`zolari qo`shni davlatdan kelgan askarni qidirishga kirishgan. 

"20 iyun kuni Favqulodda vaziyatlar qo`mitasi rahbariyatidan O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining 1992 yilda tug`ilgan harbiy xizmatchisini qidirishda yordam berish to`g`risida xat kelib tushdi. Maktubga ko`ra, "Shardara" qutqaruv stansiyasidan 5 ta qutqaruvchi, 1 ta transport vositasi va 1 ta qayiq Maqtaaral va Jetisay tumanlarining suv toshqini bo`lgan hududlari va suv omborlarida qidiruv ishlarini olib borish uchun jo`nab ketdi. Qidiruvga Qutqaruv otryadining ikkita kinologi ham jalb qilingan", - deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar