2020 yilning 23 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi DXX, IIV hamda Toshkent shahar DXXB, IIBB xodimlari tomonidan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida yashirin faoliyat olib borgan, “Tavhid va jihod katibasi” (TJK) xalqaro terrorchilik tashkilotiga aloqador bo`lgan guruhlar tarafdorlarining noqonuniy faoliyati fosh etildi.
Dastlabki to`plangan ma`lumotlarga ko`ra, mazkur shaxslar hozirda Suriyada xalqaro terrorchilik tashkiloti, TJK safida faoliyat yuritayotgan O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, 2001 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan A. Abduqahhorov va uning rahnamolarining g`oyaviy ta`siriga tushib, internet orqali ekstremistik mazmundagi videoroliklarni muhokama qilib, “hijrat” va “jihod” amallarini bajarish maqsadida Suriya Arab Respublikasiga chiqib ketishni rejalashtirganlar.
Ta`kidlash joizki, ushbu shaxslar orasida 3 nafari muqaddam terrorizm va ekstremizm bilan bog`liq jinoyat sodir etib, jazo muddatini o`tab chiqqan bo`lsada, tegishli hulosa chiqarmasdan faoliyatini qayta tiklashga uringanlar.
Yuqoridagilarga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-moddasi 1-qismiga (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) asosan qo`zg`atilgan jinoyat ishi doirasida Toshkent shahrining Olmazor, Uchtepa, Chilonzor, Yakkasaroy va Sirg`ali hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumani hududidagi 25 ta manzillarda tintuv tadbirlari o`tkazilib, 25 nafar shaxslar qo`lga olindi.
Ushlangan shaxslarning yashash manzillaridan jinoyatga aloqador bo`lgan ashyoviy dalillar topilib, qonuniy tartibda rasmiylashtirilib olindi. Hozirda tergov-surishtiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.
Ma`lumot tariqasida aytish joizki, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 26 sentyabrdagi qaroriga asosan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti faoliyati O`zbekiston Respublikasi hududida ta`qiqlangan tashkilotlar ro`yhatiga kiritilgan.
Fuqarolarimiz, ayniqsa yoshlarimizni ogohlantirib, bu kabi qonun buzulishlariga yo`l qo`ymaslik maqsadida, buzg`unchi g`oyalar ta`siriga tushib, ijtimoiy tarmoqlarning shubhali saytlaridagi da`vatlarga aldanib qolmasliklarini, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklarini, ularni saqlamasliklarini va tarqatmasliklarini so`raymiz.