Avval xabar qilganimizdek, "Yuksalish" umummilliy harakati va O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi hamkorligida o`tkazilgan jamoatchilik muloqotida ichki ishlar organlari faoliyati muhokama qilindi.
Unda O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining matbuot kotibi Shoxruh G`iyosov ichki ishlar xodimlariga nisbatan bo`layotgan keskin tanqidiy fikrlarga javoban, tizimda faoliyat yuritib, xizmat vazifasini ado etish vaqtida halok bo`lgan, kasbiga sodiq soha xodimlari haqida ayrim faktlarni keltirib o`tdi:
— 2019 yilda xizmat vazifasini bajarish jarayonida 28 nafar ichki ishlar xodimi vafot etgan, 229 nafari turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Ahamiyat bering, birgina yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash vaqtida 20 nafar xodim halok bo`lgan, 81 nafari jarohatlangan.
Joriy yilning 5 oyida esa vafot etgan ichki ishlar xodimlari 5 nafarni, jarohatlanganlar 73 nafarni tashkil etdi. Ular orasida 4 nafar vafot etgan va 31 nafar jarohat olganlar Yo`l harakati xavfsizligi xizmati xodimlaridir, - dedi IIV Matbuot xizmati rahbari.






