AsosiyJamiyat

Madaniyat vazirligiga javob: "Shahrisabz Davlat muzey-qo`riqxonasi bosh direktoriga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi" "feyk" xabar emas!

'Madaniyat vazirligiga javob: "Shahrisabz Davlat muzey-qo`riqxonasi bosh direktoriga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi" "feyk" xabar emas!'ning rasmi

2020 yil 24 iyun kuni "darakchi.uz" saytida "Shahrisabz Davlat muzey-qo`riqxonasi bosh direktoriga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi" sarlavhasi ostida Bosh prokuratura Matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma`lumotlar asosida xabar berilgan edi. Shundan so`ng, Madaniyat vazirligi tomonidan ushbu xabarga raddiya berilib, undagi ma`lumotlar inkor etildi. Shuningdek, Shahrisabz Davlat muzey-qo`riqxonasi bosh direktori ham ijtimoiy tarmoq orqali chiqish qilib, ayni paytda hibsda emasligini aytgan. "darakchi.uz" sayti ushbu materialda keltirilgan tergov harakatlari davomida aniqlangan holatlar bo`yicha Bosh prokuratura Matbuot xizmati taqdim etgan ma`lumotlardan boshqa yondashuvlarni qo`shgan emas. Xususan, saytda berilgan xabarda muzey-qo`riqxona direktorining hibsga olingani haqida ma`lumot yuq. Shuningdek, ushbu rasmiy ma`lumotga asoslangan xabar nafaqat Madaniyat vazirligi raddiya bergan saytda, balki 2020 yilning 24-25 iyun kunlari O`zbekistonning qator saytlarida berildi. 

Bundan tashqari, Madaniyat vazirligi raddiyasiga javoban Shahrisabz Davlat muzey-qo`riqxonasi bosh direktori faoliyati yuzasidan olib borilgan tergov harakatlari, aniqlangan kamchiliklar va mansabdorga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi bo`yicha Bosh prokuratura tomonidan qaytadan batafsil ma`lumot berildi:

"Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Shahrisabz shahar bo`lim tomonidan Shahrisabz Davlat muzey-qo`riqxonasida nazoratchi bo`lib ishlovchi O.T.ning murojaati yuzasidan tegishli soha mutaxassislari ishtirokida o`tkazilgan tekshirishda, Shahrisabz Davlat muzey-qo`riqxonasi bosh direktori N.X. mansab mavqeini suiste`mol qilish yo`li bilan turmush o`rtog`i D.V.ni 13.01.2018 yildan muzeyda etakchi mutaxassis vazifasiga ishga qabul qilib, 25.386.038 so`m, B.M.ni 01.06.2018 yildan muzey katta ilmiy xodimi vazifasiga ishga qabul qilib, 15.559.634 so`m, B.B.ni 17.08.2018 yildan muzey bosh mutaxassisi vazifasiga ishga qabul qilib, 12.663.509 so`m, J.X.ni 03.09.2018 yildan muzey qorovuli vazifasiga ishga qabul qilib, 1.466.855 so`m va boshqa holatlarda 7.814.436 so`m jami 62.890.472 so`m haqiqatda ishlamagan kunlari uchun ish haqlarini hisoblab, ularning nomlariga ochilgan plastik kartalariga o`tkazish orqali unga ishonib topshirilgan o`zganing pul mablag`larini o`zlashtirish va rastrata qilish yo`li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Yuqorida qayd etilgan holatlar quyidagi asoslarga ko`ra o`z isbotini topgan:

1. Shahrisabz Davlat muzey-qo`riqxonasi bosh direktori N.X. va turmush o`rtog`i D.V.ning haqiqatda ishga kelmaganligi holatlari kadrlar bo`limi boshlig`i D.Yu., muzey-qo`riqxonasi direktor o`rinbosari A.R. va muzeyda ishlovchi boshqa xodimlarning tushuntirish xatlarida o`z tasdig`ini topgan.

2. Shahrisabz Davlat muzey-qo`riqxonasida haqiqatda ishlamagan 5 nafar fuqarolarga oylik ish haqlari asossiz hisoblanganligi Shahrisabz shahar Moliya bo`limi va Bandlikka ko`maklashish markazi mutaxassislari ishtirokida o`tkazilgan o`rganishda o`z isbotini topgan.

3. O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 79-moddasida ko`rsatilgan “o`zaro yaqin qarindoshining bevosita bo`ysunib yoki uning nazorati ostida xizmat qiladigan bo`lsa, bir davlat korxonasida birga xizmat qilishlari taqiqlanishi to`g`risidagi” talablari buzilgan.

Shahrisabz tumani A.Temur nomli tarix muzeyi direktori N.X. va boshqalarning harakatlarida mansab mavqeini suiste`mol qilish yo`li bilan o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish jinoyati alomatlari mavjudligi sababli 2020 yil 22 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi  2-qismi “g” bandi, 209-moddasi 1-qismi  bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan", - deyiladi taqdim etilgan batafsil ma`lumotda.

Ma`lumot uchun: Lavozimdagi shaxs yoki xodimga nisbatan jinoyat ishi ochilganda, bu uning mehnat faoliyatining to`xtatganligini bildirmaydi. Uning lavozimda qolish yoki qolmaslik masalasini sud qarori hal qiladi.

    Boshqa yangiliklar