Oliy sud raisi va bosh prokurorning protest keltirish huquqi bekor qilinadi

Siyosat 30.06.2020, 22:24
Oliy sud raisi va bosh prokurorning protest keltirish huquqi bekor qilinadi

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 30 iyun kuni odil sudlovni ta`minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig`ilishda ta`kidlanishicha, 2018—2019 yillarda birinchi instansiya sudlarida jami 192 ta jinoyat ishi bo`yicha 307 nafar shaxs oqlangan bo`lsa-da, hech qaysi holatda prokuror ayblovdan voz kechmagan. Shu bois tergov jarayonidagi xatolar sud majlisida aniqlansa, prokuror sudning tugashini kutib o`tirmasdan, o`z tashabbusi bilan ayblovdan voz kechadigan tartib joriy etilishi lozimligi qayd etildi.

«Sud binosiga kelgan har bir inson O`zbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak. Bu Prezident talabi!» — deya ta`kidladi davlat rahbari.

Ma`lum qilinishicha, joriy yilda aholidan kelib tushgan murojaatlarning 8 mingdan ziyodi yoki 44 foizida sudlarda ishlar to`liq va xolis ko`rilmayotgani, uzoq muddat cho`zilayotgani bildirilgan.

Shuningdek, 2019 yilda iqtisodiy sudlarda apellyasiya, kassasiya va nazorat tartibida ko`rilgan ishlarning 2,5 mingdan ortig`i, ya`ni 44 foizi bekor qilingan yoki o`zgartirilgan. Bu har ikki shikoyatdan biri bo`yicha tuman va viloyat iqtisodiy sudi chiqargan qarorlar yuqori sudda o`zgarayotgani, tadbirkor va investorlar sarson bo`layotganidan dalolat beradi.

Mutasaddilarga ilg`or tajribalar va xalqaro standartlar asosida sud tizimini «bir sud — bir instansiya» tamoyili asosida qayta ko`rib chiqish topshirig`i berildi.
 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1