AsosiyJamiyat

Koronavirusdan vafot etgan toshkentlik shifokorning oilasiga 250 million so`m kompensasiya to`lab berildi

'Koronavirusdan vafot etgan toshkentlik shifokorning oilasiga 250 million so`m kompensasiya to`lab berildi'ning rasmi

Avval xabar qilinganidek,  Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi shifokori A.U.ning shu yilning 14 iyun kunidan Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi karantin markazidagi fuqarolarga tibbiy xizmat ko`rsatish maqsadida faoliyat ko`rsata boshlagan, 23 iyun kuni ahvoli og`irlashib, 26 iyunda vafot etgan edi. 

Shundan so`ng, marhum shifokorning qizi otasining o`limi yuzasidan ayrim ma`lumotlarni keltirib, boshqalarni ham ogohlikka chaqirdi. 

Bugun, 1 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov marhumning uyiga borib, Qur`on tilovat qildi va marhumning oila a`zolaridan ko`ngil so`radi. 

Shuningdek, bugunning o`zida vazirlik mas`ul xodimlari Alisher Uralovning oila a`zolariga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorida belgilanganidek, 250 million so`m kompensasiya pulini etkazib berdilar.  Bu haqda Qalampir.uz marhumning qizi Shahnoza Hasanovaga tayanib yozmoqda. 

 " Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovni faqat televizor orqali ko`rganman. Shu ikki kun ichida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan murojaatimga befarq qaramasdan, muammoimning echimiga kirishganlari ko`nglimni ko`tardi. Shu sabab bu odam meni eshita oladi degan his paydo bo`ldi.

U kishi kirib kelganlaridan keyin musulmonchilikka munosib holatda duoga qo`l ochildi. Undan keyin sekin-asta, hech qanday bosimlarsiz, juda yaqin insonlardek gaplashdik.  

Muomalalaridan u kishi haqiqatan ham vazirlik lavozimiga munosib ekanliklarini bildim. Ovozlarini ko`tarmasdan, darrov masalaga o`tmasdan, og`irlik va bosiqlik bilan bizni tingladilar. Oyim ayriliq azobidan yig`lab yubordilar. Men ham farzand bo`lib, onamning yonlarida turibman, ammo oilada ota o`rnini bosib bo`lmas ekan.

Alisher aka, bizga hamdard bo`lgan holda, “hozir butun dunyoda pandemiya ketayotganini, ammo o`lim ko`rsatkichlari boshqa davlatlarga qaraganda bizda ancha ijobiy ekanini”, aytdilar. Bundan tashqari, shifokorlarimizning mehnatini ham alohida e`tirof etib o`tdilar. Shu bilan birga mendan kelajakdagi orzularim, rejalarim haqida ham so`radilar.

O`zim Toshkent davlat pediatriya institutining 3-kurs magistratura bitiruvchisiman. Otam ilmiy ish qila olmaganlar, meni esa ilmiy ish qilishimni juda xohlagan edilar. Shu sabab mana shu ilm yo`liga yo`naltirganlar. Kelayotgan avgust oyida rektorimiz chaqirib, bizga stajirovka berishadi va shu orqali endi ish boshlayman. Shu gaplarimning barchasini Alisher Shodmonovga etkazdim.

U kishi rektorimiz bilan bog`lanib, men haqimda u kishiga yaxshi ta`rif berdilar. Dimplomimni yoqlashimga, buning uchun mavzu tanlashda o`zlari yordam beradigan bo`ldilar. Men u kishiga magistraturada o`qiyotgan talabalar va bu bosqichni bitirganlarning rejasi, ya`ni ko`proq stajirovkani yo`lga qo`yish, xorijlik hamkasblar bilan aloqalar qilib turish haqidagi fikrlarimni qo`llab-quvvatladilar.

Otam uchun beriladigan kompensasiya masalasiga to`xtalar ekan, vazir ikki kun ichida bu masalani maksimum hal etilishini aytdilar. Mutassaddilar bugunning o`zida ushbu mablag`ni etkazib berishdi. U kishi bilan muammo va kamchiliklarni birga hal etamiz degan xulosaga keldik. Kerakli yordam ko`rsatamiz va bu kabi holatlarga boshqa yo`l qo`yilmaydi, barchasini o`z nazoratimga olaman dedilar.  

Ijtimoiy tarmoqlarda aytgan gaplarimdan maqsad O`zbekistonning siyosatiga aralashish yoki qoralash emas. Shu Vatanda o`sdim, shu yurtda tahsil oldim. Kamchiliklarimizni oshkor qilib, muammolarni o`z vaqtida ko`tarib chiqsak, kamchiliklarimiz yo`qotiladi, degan maqsadda gapirdim.  

Juda tushkun holatga tushib qolgan edim. Ammo vazirimizning o`zlari kelganidan so`ng, ruhiyatim ko`tarildi. Birgina gapim bilan rektorimizga qo`ng`iroq qilib, ilmiy ish qilishimga yo`naltirdilar. Ertaga o`z ilmim va izlanishlarim bilan menga ishonch bildirgan barchaning, davlatimizning, Prezidentimizning yuzini yorug` qilishga, O`zbekistonimizga xizmat qilishga va`da beraman.  

Ana shunday og`ir vaziyatda fuqarolar dardini tinglayotgan Prezidentimizga rahmatimni etkazing!" — degan marhum shifokorning qizi. 

    Boshqa yangiliklar