Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a`zosi, professor Habibulla Oqilov yurtimizda joriy yil 5 iyuldan boshlab agar bemor tahlilida koronavirus aniqlangan bo`lsa, lekin uning simptomlari yo`q yoki engil o`tayotgan bo`lsa, masalan, aksirmayotgan, yo`talmayotgan, nafasi qisilmayotgan, ta`m va hid sezgilari yo`qolmagan, tana harorati ko`tarilmagan bo`lsa, uyda davolanishga ruxsat berilishini ma`lum qilgandi.
Lekin ayni paytda uyda davolanish bo`yicha turlicha tavsiyalar, masalan, tomoq achisha boshlaganda uksusli suv bilan chayish yoki immunitetni ko`taruvchi dorilarni ichish kerakligi haqidagi maslahatlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmoqda. To`g`ri, mutaxassislar bu bo`yicha berilayotgan savollarga javob berib kelmoqda. Biroq bu ma`lumotlar OAVlarda sochilib ketgan. Shu nuqtai nazardan jurnalist va bloger Aziza Qurbonova uyda davolanish uchun YO`RIQNOMA chiqarish taklifini berdi. Uning fikricha, yo`riqnoma bilan odamlarga biroz bo`lsa-da yordam berish mumkin.
"Men koronavirus bilan aktiv kurashayotgan davlatlar(alohida shtatlari)ning homeisolation instructionlarini o`zim uchun o`rganib chiqyapman. Ammo men shifokor emasman, tarjima qilganim bilan tarqatish xato bo`ladi. Lekin qani bizning milliy sog`liqni saqlash tizimimizning uyda davolanayotganlar uchun yakdil YO`RIQNOMASI?!
O`sha yo`riqnomada oddiy savollarga javob berishsin.
1. Simptomlar haqida to`liq axborot.
2. Yosh qatlamini inobatga olgan holda yo`tal va og`riqni kamaytirish uchun ko`riladigan choralar. (xorijiy instruksiyalarda engil ta`sir etuvchi dorilar nomi berilgan)
3. O`z sog`lig`ini holatini qayd etib borishga o`rgatish. Qanday tekshiruvlardan o`tish.
4. Qaysi belgilar kuzatilganda ahvoli yomonlashgan deb baholash.
5. 103 ga qaysi holatlarda qo`ng`iroq qilish kerak.
6. Uyda o`zini qanday tutish.
7. Qanday ovqatlanish.
8. Qaysi kasalliklar bo`lganda qaysi dori vositalaridan ehtiyotkorlik bilan foydalanish va hokazo... (Kalsiy xlor, kalsiy glyukonatni bilmay olib qonini quyultirib qo`yayotgan va ahvoli og`irlashayotgan tanish-bilishlar haqida eshitib, tibbiy savodxonlik masalasi juda dolzarbligini tushunyapman)" - deb yozadi jurnalist.






