Bugun, 12 iyul kuni AOKA huzuridagi shtabda Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov ishtirokida brifing o`tkazildi.
Unda qayta kuchaytirilgan karantin chekllovlari davrida homiylik, xayriyalarni muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlarining faoliyati respublikamizning barcha hududlarida yana qayta yo`lga qo`yilishi ma`lum qilindi.
Hamda ishsiz qolgan, doimiy daromad manbaini yo`qotgan va ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo`llab-quvvatlash bo`yicha alohida tartib joriy etilishi, vazirlik tomonidan ushbu qatlamlarning manzilli ro`yxati shakllantirilishi aytildi.
Bu ro`yxatga:
- ta`minot manbai bo`lmagan yolg`iz keksalar, nogironligi bo`lgan, boquvchisini yo`qotgan, og`ir kasallikka chalingan, ko`p bolali oilalar;
- ijtimoiy nafaqasi o`z ehtiyojlarini qoplamaydigan va undan boshqa daromad manbaiga ega bo`lmagan oilalar;
- chin etimlar, bola tarbiyasi bilan qarindoshlari shug`ullanayotgan oilalar;
- ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham nogiron bo`lgan oilalar;
- 14 yoshgacha bo`lgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida yashayotgan beva ayollar (beva erlar);
- ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham ishsiz bo`lgan va ish izlovchi sifatida bandlikka ko`maklashish markazlarida hisobda turgan oilalar;
- mehnatga layoqatli a`zolari bo`lgan, biroq hech qaerda ishlamaydigan yoki pandemiya tufayli daromadidan vaqtincha mahrum bo`lgan, mavsumiy ishchi, usta, mardikor, sartarosh, chet elda ishini yo`qotib, hozirda daromadsiz qolgan fuqarolarning oilalari kiritiladi.