O`zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi va Maxsus komissiyaning keyingi qarorlari (protokollari) to`liq shaklda e`lon qilinmayapti va etarlicha yoritilmayapti?
Ushbu savolga AOKA huzuridagi shtabda o`tkazilgan brifingda ishtirok etgan Adliya vaziri o`rinbosari Muzraf Ikramov quyidagicha javob berdi:
" O`zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, tasdiqlangan edi, ammo quyidagi ob`ektiv va mantiqiy sabablarga ko`ra e`lon qilinmagan:
– Dastur birgina hujjatdan iborat emas, u o`z ichiga kompleks chora-tadbirlarni oladi, normativ-huquqiy hujjat ham emas va shunga ko`ra, majburiy e`lon qilinishi shart emas;
– unga mamlakatimizga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo`yicha ishlarga maxsus kuch va vositalarni jalb qilish va safarbar etish bilan bog`liq bandlar kiritilgan bo`lib, davlat manfaatlariga va xavfsizligiga zarar etishiga yo`l qo`yib bo`lmasligi tufayli ushbu ma`lumotlarni oshkor qilish maqsadga muvofiq emas;
– hujjatda vazirlik va idoralarga fuqarolarning sog`ligi va xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan muayyan vazifalarni bajarish bo`yich asosan tashkiliy choralar ko`zda tutilgan;
– Dastur yuridik va jismoniy shaxslarning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi, umummajburiy qoidalar kiritilishini ko`zda tutmaydi.
Ta`kidlash joizki, koronavirusning oldini olish va unga qarshi kurash Dastur qabul qilish bilangina cheklanib qololmaydi, bu Maxsus komissiyaga yuklatilgan keng ko`lamli vazifalarni bajarish yo`lidagi faqatgina birinchi qadamlardan biri edi.
Dastur – kechiktirib bo`lmaydigan choralar majmuasidir, mazkur masalada qabul qilinayotgan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Hukumatning qarorlari, Maxsus komissiya qarorlarining barchasi Dasturni to`ldiradi.
Koronavirusga qarshi kurash jarayoni sodir bo`layotgan voqealarga tezkor munosabat bildirish va epidemiologik vaziyatning o`zgarishiga nisbatan safarbarlik va boshqa rezervlarni ishga solish bo`yicha qarorlarni kechiktirmasdan qabul qilishlozimligini ko`rsatdi, bu boradagi ma`lumotlar esa cheklangan xarakterga egadir.
Shu bois Maxsus komissiyaning protokollari ham qisqartirilgan ko`rinishda e`lon qilinadi. Protokollarning aholi va yuridik shaxslarga taalluqli qismlari rasmiy axborot ko`rinishida majburiy tartibda mavjud barcha kommunikasiya kanallari orqali tarqatiladi.
Mutaxassislar va davlat organlari rahbarlari ishtirokida o`tkazilayotgan kunlik (har kuni bir necha marotaba) brifinglar markaziy telekanallar orqali to`g`ridan-to`g`ri jonli efirga uzatilayotgani va yirik ijtimoiy tarmoqlar sahifalarida translyasiya qilinayotgani, keng ko`lamli tashviqot va huquqiy targ`ibot qabul qilinayotgan qarorlarning keng aholi qatlamlariga eng sodda ko`rinishda tushuntirishga qaratilgan.
Shu bois, Maxsus komissiya qarorlari aholiga o`z vaqtida etib bormasligi, koronavirus bilan kurash bo`yicha axborot etishmasligi haqidagi mulohazalar asosga ega emas, deb o`ylaymiz, dedi vazir o`rinbosari.






