AOKA huzuridagi shtabda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a`zosi Habibulla Oqilov ishtirokida brifing o`tkazildi. Unda virus va pandemiya bilan bog`liq savollarga javob berildi.
Savol: Koronavirusga chalinib sog`aygan bemorlarda immunitet paydo bo`lishi ilmiy tasdiqlanganmi? Kasallikni ikkinchi marta yuqtirish holatlarida kasallik engil o`tadimi?
Javob:
— Koronavirusdan sog`aygan bemorda kasallikka qarshi antitanachalar hosil bo`lishi isbotlangan! Natijada kasallangan organizmda virusga qarshi immunitet hosil bo`ladi. Chet ellik mutaxassislarning ta`kidlashicha, immunitet o`rtacha 3 oygacha saqlanib qoladi, lekin bu vaqt ichida qayta kasallanganlar aniqlanmagan.
Immunitet saqlanib qolish davri tugaganda ham virus yuqtirganda, bemor organizmida genlar darajasida kasallikka qarshi antitanachalar ishlab chiqarish qobiliyati "xotirasi" saqlanib qoladi va kasallik nisbatan engil o`tishi aytilmoqda.
Aynan ana shu antitanachalarni aniqlash bo`yicha Respublika bo`ylab bosqichma-bosqich IFA tahlilini yo`lga qo`yish rejalashtirilmoqda. Buning natijasida aholi orasida guruh immunitetining foizini aniqlash mumkin.






