... O`sha kuni Qirguli mavzesida yashaydigan odamlar kuppa-kunduzi, xalq tilida aytganda esa «yorug` boshida» bir emas, ikki inson hayotini saqlab qolgan qahramonni o`z ko`zlari bilan ko`rdi. U Gollivud filmlaridagi kabi afsonaviy ko`rinishga ega emas. Uning yoping`ich shaklidagi ajabtovur kiyimlari ham yo`q. U ham hamma qatori inson. Eng muhimi, uning odamlar quvonchu tashvishlarini o`z ko`nglidan o`tkaza oladigan toza qalbi, yuksak odamiyligi bor. Mana shu xislatlar Farhodjonni yana bir bor to`g`ri yo`lga boshladi. Qalb amri mashaqqatlar ortidan uni yana bir bor ko`ngil halovatiga etkazdi.
Mudofaa vazirligi Toifalangan ob`ektlarni qo`riqlash qo`shinlari qo`mondonligining Farg`ona shahrida joylashgan harbiy qismlarning birida xizmat qilib kelayotgan kichik serjant Farhodjon Nabijonov mana etti yildirki, Farg`ona shahar Qirguli mavzesidagi Tabassum mahalla fuqarolar yig`inidagi ko`p qavatli uyda o`z oilasi bilan ijarada yashab keladi. Biz hikoya qilmoqchi bo`lgan voqea sodir bo`lishidan biroz avval u xizmat safaridan uyiga qaytib kelgan edi.
Kiyimlarini almashtirib bo`lgan Farhodjon kichik qizini qo`liga olib, uni o`ynata boshlagan ediyamki, ko`chadan shovqin-suron eshitildi. Derazadan qarasa, o`zi bir paytlar ijarada turgan qo`shni 17-uydan yong`in chiqyapti, uy atrofiga yig`ilgan odamlar sarosimida. U tezda o`sha uy tomon oshiqdi.
Ma`lum bo`lishicha, mazkur uyning 25-xonadoni o`t ichida qolgan. Farg`ona shahar Yong`in xavfsizligi boshqarmasi qutqaruv guruhi ham chaqiruv bo`yicha voqea joyiga etib kelib, vaziyatni o`rgana boshlaydi. Ular elektr ta`minotini uzib, o`z ishlarini boshlaguncha Farhodjon tutunga to`lgan pod`ezddan yuqoriga ko`tarilib, tilsiz yov hunar ko`rsatayotgan uy eshigini buzib, ichkariga kiradi.
Uy ichida chamasi 50-55 yoshlar atrofidagi xonadon sohibi hushsiz yotardi. Farhodjon uy egasini shartta ko`tarib oladida, uni xavfsiz joyga – uy tashqarisiga olib chiqib ketadi.
Shu payt mazkur uyning 5 qavatidan qiz bolaning yig`isi eshitila boshlaydi. Havotir va qo`rquv bilan voqeani kuzatib turgan qo`ni-qo`shnilar safiga o`sha beshinchi qavatda istiqomat qiluvchi ayol ham kelib qo`shiladi. (U etti yoshli qizini uyda qoldirib, o`zi dorixonaga chiqqan ekan). Qizining ovozidan tanib, unga yordam berishlarini iltimos qila boshlaydi. O`zi kiray desa, yong`inning zo`ridan chiqqan zaharli tutun butun pod`ezdni tutib ketgan, to o`zi yashaydigan beshinchi qavatga ko`tarilib borguncha nima bo`ladi, Xudo biladi. Farhodjon ortiq o`ylab o`tirmadi, bunga vaqt ham yo`q edi. Ayoldan uyi kalitini oldida, ikkinchi bor olov domiga ravona bo`ldi. Bu paytda olov shiddati qo`shni uylarga ham xavf solayotgan, undan o`tib olish esa o`ta mashaqqatli edi. Oradan biroz vaqt o`tgach, qo`rquvdan dag`-dag` titrayotgan qizchani ko`tarib olib tushdida, uni onasiga topshirdi.
So`ngra qutqaruv guruhiga olovni bartaraf etishda yordam berdi. Shu tariqa tilsiz yov so`ndirilib, qahramonimiz tomonidan insonlar hayoti saqlab qolindi. Kichik serjant Farhodjon Nabijonovga ko`rsatgan jasorati uchun mahalla ahli, qolaversa, qutqaruv guruhi vakillari ham o`z minnatdorligini bildirdi.
Kichik serjant Farhodjon Nabijonov insonlarga yordam berish, vatandoshlari hayotini saqlab qolishda o`zining chinakam vatanparvarligini namoyish eta oldi.
Darhaqiqat, bugun milliy armiyamiz saflarida xizmat qilayotgan Vatan o`g`lonlari nafaqat o`z kasbiy mahorati, balki chin insoniy fazilatlari bilan ham yurtdoshlarimizga ibrat bo`layotir. Armiya insonlarni mana shunday oliyjanob bo`lishga, ulardagi daxldorlik hissining ortib borishiga xizmat qilayotgani bilan ham ahamiyatlidir.
Gapimiz so`nggida bir jihatga e`tiboringizni qaratmoqchimiz. So`nggi yillarda xalqimiz boshiga tushayotgan sinovlarni engib o`tishda milliy armiyamiz roli qanchalik muhim bo`layotganini barchamiz ko`rib, bilib turibmiz. Ona O`zbekistonni ko`z qorachig`idek asrab-avaylayotgan, uning sarhadlari daxlsizligiga jonini tikkan harbiylar har jabhada faol. Shunchaki ular juda kamtar, xokisor. Shu bois ham ular o`z qahramonliklari, odamlar hayotini saqlab qolishdagi xizmatlari haqida ko`p gapiravermaydi. Mana shu jihat esa mard va jasur harbiy xizmatchining ko`z o`ngimizda gavdalanadigan oliyjanob portretiga yorqin rang beradi.
... Farhodjon uyiga qaytgach, qizchasini mahkam quchoqlagancha omon qolgan uy egasi va qo`rquvdan titrayotgan o`sha qizaloqni xayolidan o`tkazib qo`ydi.
Islomjon QO`ChQOROV, «Vatanparvar» gazetasi muxbiri






