So`nggi vaqtlarda bunday xabarlar tez-tez quloqqa chalinadigan bo`lib qoldi. Eshitgan kishini esa larzaga solmay qo`ymaydi. Quyidagi voqea ham hech kimni befarq qoldirmasa kerak. Birni ko`rib fikr qilamiz, birni ko`rib shukr...
7 nafar farzandning otasi 2020 yil 21 fevral kuni tush vaqtida o`g`li bilan birga Samarqanddagi oshxonalardan birida birga spirtli ichimlik iste`mol qilishadi. So`ng mast holatda uyga qaytishadi. O`g`il o`zi bilan olib kelgan “aroq”ni ichish vaqtida otasi bilan o`zaro og`zaki tortishib qolishadi.
Shundan so`ng, ota o`zaro janjal davomida o`g`li tomonidan o`ziga nisbatan haqoratli so`zlar ishlatilganidan g`azablanadi. Undan nafratlanib, o`g`lining og`ir darajada mastligi sababli, o`zining hayotiga nisbatan bo`layotgan tajovuzga qarshilik ko`rsata olmasligini anglab, uni qasddan o`ldirishni rejalashtiradi.
Ota o`g`lini qasddan o`ldirishga qaratilgan maqsadini amalga oshirish uchun, uning mastligidan foydalanadi. Oshxona pichog`ini olib, o`g`lining yoniga borib, dastlab bo`yin sohasiga qo`lidagi pichoq bilan zarba bergan. Ushbu zarbadan o`g`lining qattiq azoblanayotganini ko`rib, unga yanada azob berish va jinoiy maqsadini oxiriga etkazish uchun qo`lidagi pichoq bilan uning bo`yin, yuz va bosh sohalariga ko`plab zarbalar berib, qasddan o`ldirgan...
“O`G`LIMNI O`LDIRGANIMNI AYTDIM...”
Sudda so`roq qilingan sudlanuvchi qo`yilgan aybga iqrorlik bildirdi...
— O`sha kuni katta qizimning tug`ilgan kunini nishonlash uchun o`g`lim ijaraga olib ishlatib kelayotgan oshxonada ziyofat uyushtirgandik. U erda o`g`lim bilan birga aroq ichdik. So`ng soat taxminan 16:00 da o`g`lim bilan birga uyga keldik. O`sha kuni uyda men va marhum o`g`limdan tashqari kelinim farzandlari bilan o`zlarining xonasida edi. O`g`lim o`zi bilan birga yarim shisha aroq olib, yonimga kirib keldi. Birga yana ichdik, so`ng o`g`lim xonadan chiqib, birozdan so`ng yana bir shisha aroq olib keldi. U aroqni ham birga ichdik. Shu vaqti o`g`lim meni aytishga ham til bormaydigan so`zlar bilan haqorat qildi. “Seni o`ldiraman”, deya xonadan chiqib, hovlida bir nimalarni izlay boshladi. Yotgan xonamga kirib, yana o`sha gapini qaytarib, haqorat qila boshladi. Jahlim chiqib, krovat yonidagi stoldan oshxona pichog`ini olib, o`g`limni oldiga bordim. O`g`limni yuziga tan jarohat etkazdim... O`g`lim tik turgan holatda xonada turgan stul ustiga o`tirib qoldi. Shundan so`ng nima bo`lganini eslolmayman...
Birozdan so`ng o`g`lim xonaning poliga yiqilib tushdi. Joyimga borib o`tirib, baland ovozda xotinimni chaqira boshladim. 20-25 daqiqa o`tgach, xotinim ziyofatdan boshqa o`g`lim bilan qaytib kelishdi. Xotinim qattiq hayajonlanib “nima bo`ldi?” deb so`radi. O`g`limni o`ldirganimni aytdim...
Hozirda qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymonman...
O`.MAMADALIEV, Samarqand viloyat sudi raisining o`rinbosari:
— Jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand viloyat sudining ochiq sud majlisi o`z binosida mazkur jinoyat ishini ko`rib chiqdi. Sudlanuvchining aybi o`zining aybiga qisman iqrorlik bildirib bergan ko`rsatmalaridan tashqari, sud majlisida tekshirilgan dalillar bilan to`liq o`z isbotini topdi.
Sudlanuvchiga JKning 97-moddasi 2-qismi “v,j” bandlari bilan JKning 57-moddasini qo`llab, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist