Bugun 2020 yil 16-iyul kuni, O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya – Qozog`iston davlat chegarasidan o`tkazish masalasi bo`yicha Rossiya tomoni bilan kelishuvga binoan, O`zbekistonning uchta yo`lovchi poezdi Toshkent tomon yo`l olmoqda. Bu haqda "O`zbekiston temir yo`llari" AJ ma`lum qildi.
Xabarda aytilishicha, 1404 yo`lovchi bo`lgan ikkita poezd Kinel, yana bir poezd esa 702 yo`lovchi bilan Buzuluq stansisiyalaridan harakatlandi. Chiptalar faqat O`zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun sotildi. Buzuluk – Toshkent yo`nalishidagi chiptalar narxi 1.200.000 so`m (8500 rubl), Kinel – Toshkent – 1.450.000 so`m (10.100 rubl)ni tashkil topdi. Yo`l davomida yo`lovchi poezdlar faqat texnik ko`rik uchun to`xtatiladi, ya`ni stansiya-vokzallarda yo`lovchilar platformaga tushishiga ruxsat etilmaydi.
Poezdlar O`zbekiston Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar vazirligi va Sog`liqni saqlash vazirligi xodimlari kuzatuvi ostida olib kelinmoqda.
Mazkur poezdlarda kelayotgan yo`lovchilarning qarindosh va yaqinlari ularni kutib olaman deb sarson bo`lmaslikka chaqirilmoqda. Chunki ushbu reyslarning barcha yo`lovchilari poezdlardan tushishlari bilanoq Namangan va Toshkent viloyatlarining karantin zonalariga yuboriladi.
Eslatib o`tilishicha, ko`rilayotgan karantin choralari sababli, MDHning qator davlatlarida mamlakatga kirish-chiqishga cheklovlar O`zbekistonda ham joriy etilgan va ular O`zbekiston Respublikasi maxsus komissiyasining tegishli qarori bilan bekor qilinmagunicha amaldagi kuchga ega.
16.07.2020 10:19
Rossiyadagi o`zbeklar uchta yo`lovchi poezdda Toshkentga keltirilmoqda






