AsosiyJamiyat

O`zbekistonda qayd qilingan nikohlarning 10 foizi ajralishlar bilan yakunlanmoqda

'O`zbekistonda qayd qilingan nikohlarning 10 foizi ajralishlar bilan yakunlanmoqda'ning rasmi

Erta turmush – nikoh yoshiga etmagan yigit-qizlarni hali mustaqil hayotga tayyor bo`lmagan, o`z huquq va majburiyatlarini anglamagan holatda turmushga berish yoki uylantirish holatlarining oldini olish – Oliy Majlis Senatining xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi oldiga qo`yilgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik
masalalari qo`mitasi raisi Feruza Eshmatova bu borada O`zbekistondagi vaziyat va chora-tadbirlar haqida so`z yuritdi. 

Ma`lum qilinishicha, olib borilayotgan profilaktik tadbirlar natijasida qizlarni erta turmushga berish bilan bog`liq vaziyat so`nggi ikki yilda ijobiy tomonga o`zgardi. Xususan, 2018 yilda 16 yoshli ayollar va 17 yoshli erkaklar orasida tuzilgan nikohlarning soni jami 7 tani, 2019 yilda 5 tani tashkil etgan. Joriy yilning birinchi choragida esa 16 yoshli qizlar orasidagi erta nikoh holati qayd qilinmagan.

So`nggi yillarda 18 yoshga to`lmagan qizlar orasida erta tug`ruq holatlari ham kamayib, 2018 yilda bunday salbiy holatlar 1,5 mingdan ziyod bo`lgan bo`lsa, 2019 yilda bu ko`rsatkich 1,2 mingtani tashkil etgan. Joriy yilning birinchi choragida 231 ta erta tug`ruq holatlari qayd etilgan.

 Tahlillarga ko`ra, ushbu muammoga, avvalo, aholining huquqiy savodxonligi va tibbiy madaniyatining etarli emasligi sabab bo`lmoqda. Qolaversa, jamiyatda qizlarga nisbatan an`anaviy qarashlar o`z kuchini yo`qotmaganligi ham bunday vaziyatlarga olib kelmoqda.

 Erta homiladorlik va tug`ruq holatlari kuzatilgan o`quvchi qizlarning qariyb yarmi ota yoki onasiz oilalarda yashayotganligi aniqlangan. Shuningdek, oiladagi etishmovchilik, ota-onalarning ishsizligi yoki kam daromad topishi ham qizlar tarbiyasiga salbiy ta`sir qilmoqda.

Keyingi yillarda aholi orasida oilaviy ajralishlar soni kamaygan bo`lsa-da, masala dolzarbligicha qolmoqda. Qayd qilingan nikohlarning 10 foizi ajralishlar bilan yakunlanmoqda.

 Oiladagi etishmovchilik, uy-joy bilan bog`liq muammolar, munosabatlarga ota-ona va boshqa qarindoshlarning noo`rin aralashuvi, er va xotin o`zaro murosa qilmasligi, ulardan biri zararli odatlarga ruju qo`yishi kabi ko`plab sabablar oilaviy ajralishlarga olib kelmoqda.

Shu jihatdan kuni kecha O`zbekiston  Respublikasi  Oliy  Majlisi  Senati  Kengashining “Erta turmush va erta tug`ruq holatlari hamda oilaviy ajralishlar bilan bog`liq muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlari to`g`risida” qarori qabul qilindi. Unga ko`ra, Erta turmush va erta tug`ruq holatlari hamda oilaviy ajralishlar bilan bog`liq muammolarni bartaraf etish bo`yicha 2020–2021 yillarga mo`ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi  tasdiqlandi. Hujjatda ajralishlarning oldini olish, oilalarning mustahkamligini ta`minlash hamda ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish masalalarini chuqur o`rganish va tahlil qilish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan. Adliya vazirligi, Oliy sud, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi, Sog`liqni saqlash vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar ishtirokida o`tkaziladigan o`rganish natijalari asosida normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo`yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Shuningdek, dasturda O`zbekiston Respublikasida 2021-2025 yillarda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish, umumiy o`rta ta`lim maktablari, akademik lisey va kasb-hunar kolleji o`quvchilarini tibbiy ko`rikdan o`tkazish tartibini takomillashtirish ko`zda tutilgan. Bunda ularni ko`rikdan o`tkazish tartibini buzganlik uchun ma`muriy javobgarlikni belgilash, erta turmush, erta tug`ruq va oilaviy ajralishlar to`g`risidagi ma`lumotlarning yoshi bo`yicha yagona xisoblash metodologiyasini ishlab chiqish kabi chora-tadbirlar ham belgilangan.

    Boshqa yangiliklar