"Shoxrux" reper sifatida tanilgan va ayni vaqtda Xalq deputatlari Chilonzor tumani Kengashi deputati hisoblangan Shoxrux Shodmonov "Deputat, sud`ya va IIV xodimlari mojarosi" mavzusida munosabat bildiribdi. Bu haqda Rasul Kusherbaev o`zining telegram kanalida yozmoqda.
"Gapirmoqchi emas edim, lekin shu masala bo`yicha ko`p savollar kelayapti, fikrimni bildirib o`taman. Bu dunyoda hamma odam bir xil emas, har bir sohaning yaxshi-yomon xizmatchilari bor. O`zbekiston Konstitusiyasi va qonunlarini yaxshilab o`rganish kerak. Ayniqsa mas`ullar Konstitusiyaga va qonunlarga so`zsiz amal qilishlari shart! Shunda hozirgi paytdagi tushunarsiz hodisalar bo`lmaydi. Bu mojarolarda kim aybdor yoki aybsizligi qonunlarda aniq belgilab qo`yilgan, qonun baho bersin! Xullas, bizga sarlavhada sanab o`tilgan ba`zi bir mas`ullarimizni hissiyotlarga berilib yaratgan mojarosi qiziq emas. Bizga ularning Konstitusiyaga va qonunlarga to`liq rioya qilishlari qiziq. Shunda tartib bo`ladi! Tartibni saqlash kerak! Shunday qiyin paytda ayrim xizmatchilarning bir-biri bilan janjallarisiz ham vatanimizda echishimiz kerak bo`lgan muammolar juda ko`p!"
"Zamonaviy musiqa san`atining rep yo`nalishida ijod qilib tanilgan insonning faol deputat qiyofasida namoyon bo`layotgani va muammolarga befarq emasligi kishini quvontiradi. O`z pozisiyasiga ega turli darajadagi faol deputatlar ko`paymoqda" deyiladi xabarda.






