AsosiyJamiyat

Endi koronavirusdan uyida davolanayotgan bemorlar bepul dori-darmon bilan ta`minlanadi

'Endi koronavirusdan uyida davolanayotgan bemorlar bepul dori-darmon bilan ta`minlanadi'ning rasmi

Joriy yilning 16 iyul kuni O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Abdulla Aripov rahbarligida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bo`yicha Respublika maxsus komissiyasining yig`ilishi o`tkazilgani haqida xabar bergan edik.

Unda 15 iyul kuni mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koronavirus pandemiyasi bilan bog`liq vaziyatga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida belgilab berilgan vazifalarni o`z vaqtida va samarali bajarish masalalari muhokama qilindi. Bu borada mutasaddi vazirlik va idoralarning mas`uliyatini yanada oshirish, rahbarlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga alohida e`tibor qaratildi.  

Maxsus komissiya yig`ilishida koronavirus infeksiyasining odamlar orasida keng tarqalishi oldini olish va ushbu kasallikka chalingan bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko`rsatish bo`yicha amaliy chora-tadbirlar belgilandi.

 Jumladan, pandemiya davrida aholiga tibbiy xizmat ko`rsatish uzluksizligini ta`minlash, koronavirusga tekshiruvlarni tezkor va samarali tashkil etish va bemorlarni kerakli dori-darmonlar bilan ta`minlash bo`yicha birinchi galda qilinadigan ishlarga e`tibor qaratildi.

Komissiya yig`ilishida uyida davolanayotgan koronavirus bemorlarini bepul dori-darmonlar bilan ta`minlash yuzasidan qaror qabul qilinib, ularga etkazib beriladigan dori-darmonlar ruyxati tasdiqlandi.

 Bundan buyon koronavirus kasalligidan uyida davlanayotgan bemorlarga “Gidroksixloroxin”, “Azitromisin”, “Parasetamol”, “Vitamin S” kabi dori-darmonlar hamda bir martalik tibbiy niqoblarni belgilangan me`yorda, bepul etkazib berish yo`lga qo`yiladi.  

Koronavirus infeksiyasi bo`yicha test natijalari musbat natija bergan hamda kasallik engil kechayotganligi sababli shifokorlar tavsiyasiga asosan uyida davolanayotgan bemorlar mazkur tibbiy vositalar bilan bepul ta`minlanadi.

Yig`ilishda Sog`liqni saqlash vazirligi hamda tegishli idoralarga zudlik bilan mazkur dori-darmonlarning 50 mingta to`plamini shakllantirish va uyida davolanayotgan bemorlarga etkazib berish tizimini yo`lga qo`yish vazifasi yuklatildi.  

 

 

    Boshqa yangiliklar