Rossiyada COVID-19 vaksinasining odamlarda o`tkazilgan sinovlari muvaffaqiyatli o`tdi. Bir necha oy davom etgan ushbu jarayon shu hafta o`z yakuniga etdi va unda 38 kishi qatnashdi.
Hozirda ushbu vaksina 100 kishi bilan ikkinchi marta sinovdan o`tkazilmoqda. Endilikda ruslar tekshiruvlarning uchinchi bosqichini Saudiya Arabistonida o`tkazishni rejalashtirishmoqda.
Rossiya investisiya fondi bosh direktori Kiril Dimitrievning so`zlariga ko`ra, koronavirus vaksinasining minglab odamlar ustida o`tkaziladigan uchinchi bosqichi Saudiya Qirolligida o`tkazilishi mumkin. Ushbu jarayon avgust oyida boshlanishi kutilmoqda.
“Saudiya allaqachon koronavirusni davolash uchun biz ishlab chiqargan avifavir dorisini sotib oldi. Biz Qirollik bilan nafaqat vaksinamizni sinovlardan o`tkazish borasida muzokaralar olib bormoqdamiz, balki vaksinani Saudiyada ishlab chiqarishni ham muhokama qilyapmiz” deydi Dmitriev 16 iyul kuni.
Rossiya investisiya fondi va Saudiya bir qancha investisiya loyihalarida hamkorlik qilib kelishmoqda. Dmitriev ikki davlat o`rtasidagi hamkorlikni maqtar ekan Saudiya-Rossiya sherikligini dunyo mamlakatlari o`rtasidagi yaxshi aloqalarga namuna bo`lishini ta`kidladi.
“Biz Saudiyani o`zimizning muhim sherigimiz deb hisoblaymiz va ishonamizki, vaksina ishlab chiqarish borasida juda yaxshi hamkorlikni yo`lga qo`yamiz” deydi Dmitriev.
Rossiyada yaratilgan vaksina avgustdan boshlab odamlarga etkazib berilishi kutilmoqda. Agar shunday bo`lsa, bu dunyodagi koronavirusga qarshi ilk vaksina bo`ladi. Ruslar vaksinani shu yilning oxirigacha 30 million dozada Rossiya hududida, yana 170 million dozada boshqa mamlakatlarda ishlab chiqarishni rejalashtirishmoqda.






