Aksariyat odamlarni karantin qoidalariga rioya qilmasdan huquqbuzarlik harakatlarini sodir etishi ularga nisbatan keskin choralarni ko`rish uchun asos bo`lib kelmoqda.
Andijon viloyati, Ulug`nor tumani, “Uchko`prik”MFY, E`tibor ko`chasida yashovchi D.B. 6 iyun kuniga o`tar kechasi mast holda mahalladoshi fuqaro M.M.ning yashash xonadonidagilar va qo`shnilarining tinchligini buzib, haqoratli so`zlarni aytib, mayda bezorilik qilganligi aniqlangan.
Afsuslanarli holat shuki, D.B.ning shaxsiga to`xtalib o`tsak, u muqaddam O`zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (o`g`irlik jinoyati) bilan sudlanib, Ichki ishlar organlari ro`yxatida turib, jazo o`tab kelayotgan bo`lsa-da,aybini og`irlashtiruvchi holatda, ya`ni spirtli ichimlik ichib mast bo`lgani holda, huquqbuzarlik harakatlarini sodir etgan.
Ulug`nor tuman ma`muriy sudining raisi Vaxobjon Siddikov tomonidan 2020 yil 10 iyul kuni olib borilgan sud majlisida D.B.ga oid ma`muriy ish ko`rib chiqilib, sud qaroriga asosan, u MJtKning 54-moddasi 1-qismida (karantinli va inson uchun xavfli bo`lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo`lishi hamda tarqalishi sharoitida jamoat joyida niqobsiz yurish), MJtKning 187-moddasi 1-qismida (jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste`mol qilish) va MJtKning 183-moddasida (mayda bezorilik, ya`ni jamoat joylarida uyatli so`zlar bilan so`kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimaslik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi. MJtKning 34-moddasiga asosan uzil-kesil D.B.ga 10 (o`n) sutka muddatga ma`muriy qamoq jazosi tayinlanib, undan qamoqda saqlash uchun sarflangan harajatlar hisobidan 334.500 so`m davlat foydasiga undirish belgilandi.






