Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, Xorazm viloyati “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslari tomonidan 2,7 mlrd so`mlik mablag`lar o`zlashtirib yuborilganligi fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar berdi.
Ular tender savdolarisiz 41 ta holatda kompaniya rahbarining raisligidagi ichki tanlovlar asosida, qurilishda muhim ahamiyatga ega bo`lgan texnika vositalari, moliyaviy ahvoli, ishchi kuchi va boshqa imkoniyatlari bo`lmagan pudratchi tashkilotlarga qurilish ob`ektlarni topshirishgan. Haqiqatda bajarilmagan qurilish va ta`mirlash ishlarini hujjatlarda qo`shib yozish orqali, 2019-2020 yillarda jami 2,7 mlrd so`m byudjed mablag`larni o`zlashtirish va rastrata qilish yo`li bilan talon-toroj qilinganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Xorazm viloyati “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






