AQShlik olimlar qattiq yuzada koronavirusni bir soat ichida o`ldirishga qodir bo`lgan yuza qoplamasini yaratishga muvaffaq bo`ldilar. Bu internet manbalar asosida Tarjumon yozdi.
Virjiniya politexnika instituti va Virjiniya davlat universiteti professorlari yaratgan ushbu qoplama oksid va poliyuretandan tashkil topgan bo`lib, koronavirus bilan aloqaga kirishganidan bir soat o`tib uni 99.9 foizga yo`q qila oladi.
“Ushbu modda bilan qoplangan shisha yoki po`lat yuzasida koronavirus 99.9 foizga nobud bo`ladi. Poliyuretan moddasi bilan qoplangan yuzaning afzallik tomoni shundaki, poliyuretan kunlik hayotda ishlatiladigan juda ko`plab narsalarning ustki qatlamini qoplashda ishlatiladi” deyiladi ushbu tadqiqot bosilgan ilmiy jurnalda.
“Koronavirus bilan kasallangan odamdan chiqqan havo tomchilari poliyuretan bilan qoplangan qattiq yuzaga tushganda tomchilar ichidagi virus yo`q bo`ladi. Hozirgacha biz olib borgan tekshiruvlarda virusning o`ldirilishiga ketgan eng qisqa vaqt bir soat bo`ldi. Bundan ham qisqa vaqtda virusni yo`q qilish borasidagi ishlar davom etmoqda” deydi ushbu tadqiqotda qatnashganlardan biri professor Vilyam Dakker.
Dakker mart oyidan beri koronavirusning yuzadagi holati bo`yicha ish olib bormoqda. Uning ta`kidlashicha, yangi yaratilgan yuza qoplamasi koronavirusdan saqlanishdagi ijtimoiy masofalanish va yuz niqoblaridan foydalanish kabi ehtiyot choralarining o`rnini bosmaydi.






