Namangan viloyatining To`raqo`rg`on tumanida niqob taqqan bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bosqinchilik jinoyati qisqa muddatda fosh etildi. Bu haqda Namangandan Azizbek Abduvaliev xabar berdi.
2020 yilning 7 iyul kuni tumanning «Buramatut» mahallasidagi xonadonga tunda noma`lum shaxslar kirib, er-xotin va ularning o`g`liga tan jarohati etkazgan. So`ng ular uydan 11 400 AQSh dollari va 100 million so`m pulni olib chiqib ketgan.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi va tuman ichki ishlar bo`limi, prokuratura idoralari hamda tuman hokimligi tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv-surishtiruv ishlari natijasida mazkur jinoyat ochildi. Uni sodir etgan 4 nafar shaxs qo`lga olindi.
Jinoiy guruh a`zolari To`raqo`rg`on tumanining «Oqtosh», «Dukat» va «Temirqishloq» mahallalarida (ulardan biri ayni paytda Farg`ona shahrida istiqomat qilib kelgan) hamda Pop tumanida yashovchi fuqarolar bo`lib chiqdi.
Ayblanuvchilardan birining uyida olib borilgan tintuv natijasida jabr ko`rgan fuqarolarga tegishli pul va qimmatbaho buyumlar topildi.
Ayni paytda mazkur jinoiy ish yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.






