“Elektron hukumat tizimini yanada rivojlantirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining o`z faoliyati bo`yicha jamoatchilik oldida elektron hisobot berishi tartibini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida” Hukumat qarori (444-son, 16.07.2020 y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Elektron hukumatning axborot tizimlari va resurslari yagona reestri (yagona reestr)ga vazirliklar, davlat qo`mitalari, qo`mitalar, agentliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi bo`lgan xo`jalik birlashmalarining axborot tizimlari va axborot resurslari kiritiladi.
Davlat organlari va tashkilotlariga yagona reestrga kiritilgan axborot tizimlarining funksional vazifalarini takrorlaydigan axborot tizimlarini ishlab chiqish va foydalanish taqiqlanadi.
2020 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat boshqaruvi organlari, ularning hududiy bo`linmalari, shuningdek Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, hokimliklar tomonidan o`z faoliyati bo`yicha jamoatchilik oldida elektron hisobot berish tartibi joriy etiladi.
2021 yil 1 yanvarga qadar yagona reestr va “Elektron hukumatning ma`lumotnomalar va klassifikatorlar registri” axborot tizimi amaliyotga joriy etiladi.
Axborotlashtirish va telekommunikasiyalar sohasida nazorat bo`yicha davlat inspeksiyasi davlat organlari va tashkilotlarining barcha axborot tizimlari yagona reestrga kiritilishining monitoringini olib boradi.






